20:17 / 20.10.2015
6401

Telegraph: 50 mingta ot britaniyaliklar uchun yemish bo‘lgan

Yevropadagi iqtisodiy inqiroz tufayli Buyuk Britaniyada 50 mingta ot izsiz g‘oyib bo‘lgan. The Telegraph nashrida yozilishicha, bu otlar ovqat tayyorlash uchun so‘yib yuborilgani taxmin qilinmoqda.

Professor Kris Elliotning aytishicha, jonivorlarning ko‘p miqdorda yo‘qolishi 2008 yildan boshlab kuzatilgan. Uning qayd etishicha, yevropaliklar o‘z otlarini bu jonivorlarni boqish mashaqqatlaridan qutilish uchun sota boshlashgan va bu otlar jinoyatchilar hamda qassoblar qo‘liga kelib tushgan.

Tahlilchilarning ogohlantirishicha, bu jonivorlarning go‘shtlari arzon taomlar tayyorlanadigan taomxonalarda burgerlar tayyorlash uchun ishlatilgan.

"Tasavvur qilib ko‘ring, 50 mingta ot o‘z-o‘zidan yo‘qolib qolgan. Bunda yirik jinoiy guruhlarning qo‘li borligi aniq", deydi Elliot.

Uning qayd etishicha, bu noqonuniy yo‘l orqali jinoyatchi va firibgarlar milliardlab daromad qilishgan.

"Bu muammoning yagona chorasi barcha birgalikda harakat qilishi, fermerlar, davlat va oziq-ovqat sanoati vakillari hamkorlikda ish olib borishi kerak", deydi professor.

"Go‘sht biznesi - sof ish emas. Jinoyatchilar qing‘ir yo‘llar bilan go‘sht mahsulotlarini arzon narxlarda sotishi muammoni chigallashtiradi. Xaridorlar arzon narxlarga aldanishlari mumkin", deya qayd etadi Londondagi qishloq xo‘jaligi universiteti siyosiy tahlilchisi Tim Leng.

Ma'lumot uchun, 2013 yilda Irlandiyadagi gamburger tayyorlanadigan fabrikalardan birida mol go‘shti o‘rniga ot go‘shti ishlatilgani aniqlangandi.

Top