17:35 / 26.10.2015
4925

O‘zbekistonda 2015 yilda 8,5 trillion so‘mdan ortiqroq yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi

Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyi davomida O‘zbekistonda yengil sanoat tarmog‘i korxonalari tomonidan 8587,0 mlrd. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi, deb yoziladi davlat statistika qo‘mitasi axborotida. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur'ati 117,7 % ni tashkil etdi.

Manbada qayd qilinishicha, tarmoqning jami sanoat hajmidagi ulushi 13,8% ni tashkil qildi. 2014 yilning yanvar-sentabrida oyida bu ko‘rsatkich 12,8%ni tashkil qilgandi.

Mazkur davr mobaynida to‘qimachilik sanoati korxonalari tomonidan 6099,6 mlrd. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi va bu 2014 yilning yanvar-sentyabriga nisbatan 117,2%ni, jumladan, ipakchilik sanoatida – 106,2%ni, paxta tozalash sanoatida – 108,9%ni, ip-gazlama sanoatida – 123,2%ni, trikotaj sanoatida – 114,0 %ni tashkil etdi.

Engil sanoatda ishlab chiqarilayotgan iste'mol mahsulotlari turini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarning qabul qilinishi mahsulot ishlab chiqarishning tikuvchilik sanoatida – 19,6%ga, charm-poyabzal sanoatida – 22,0%ga o‘sishiga yordam berdi.

Hududlar kesimida yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining katta qismi Toshkent shahri (tarmoqning respublikadagi hajmiga nisbatan 14,3%), Farg‘ona (13,7%), Andijon (12,1%) va Samarqand (9,6 %) viloyatlari korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Kichik biznes sub'yektlar tomonidan ishlab chiqarilgan yengil sanoat mahsulotlari 2014 yilning 9 oyiga nisbatan ishlab chiqarish 27,8%ga oshdi, ular mahsulotining tarmoqdagi ulushi 53,6% ni tashkil qildi.

Ma'lumot uchun hozirgi kunda O‘zbekistonda 8748 ta yengil sanoat korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda, ulardan 3434 tasi to‘qimachilik, 4587 tasi tikuvchilik hamda 699 tasi charm-poyabzal yo‘nalishidagi korxonalar hisoblanadi. Joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida 886ta yengil sanoat korxonalari tashkil etildi, shundan 250 tasi to‘qimachilik, 556tasi tikuvchilik va 73 tasi charm-poyabzal tarmog‘i korxonalari hisoblanadi.

Top