Jamiyat | 11:28 / 28.10.2015
4801
2 daqiqa o‘qiladi

Boliviya hukumati fuqarolarni lama go‘shtini iste'mol qilishga chaqirdi

Boliviya Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning ayrim go‘sht mahsulotlarining inson salomatligiga salbiy ta'siri haqidagi xulosasini qo‘llab-quvvatladi. Mol, qo‘y va cho‘chqa go‘shtiga muqobil sifatida vazirlik mamlakat fuqarolariga taomlarda Markaziy And mintaqasida yashaydigan lama – sut emizuvchilar oilasiga mansub kichik tuyalar go‘shtidan foydalanishni tavsiya qildi.

“Bizda tarkibida kam yog‘ bo‘lgan lama go‘shti singari yaxshi mahsulotlar bor. Agarda me'yorida tayyorlansa, u organizm uchun ijobiy ta'sir ko‘rsatadi”, - dedi 27 oktabr kuni vazirlik vakili Viki Agilar. U o‘z so‘zida har qanday mahsulot me'yoridan ortiqcha iste'mol qilinsa, zarar keltirishini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

So‘nggi 10 yil ichida lamalar ko‘plab mashhur oshpazlar e'tiboriga tushib ulgurdi. Bu mazkur mahsulot tarkibida ko‘p miqdorda protein borligi va yog‘lilik darajasi kamligi bilan izohlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 27 oktabr kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Saratonni o‘rganish xalqaro agentligi mutaxassislari “qizil” go‘sht iste'mol qilish turli saraton kasalliklarini keltirib chiqarish xavfini oshirishini ma'lum qilgan edi. Ular fikricha, go‘sht mahsulotlari hamda oshqozonosti bezi va prostata bezi saratoni yuzaga kelishi o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik bor. Ayniqsa, mol yoki cho‘chqa go‘shtidan qayta ishlab tayyorlangan vetchina (dudlangan cho‘chqa,tovuq va boshqalar go‘shti), sosiska va solonina (tuzda uzoq saqlash orqali olingan go‘sht mahsuloti)ning har 50 grammi yo‘g‘on va to‘g‘ri ichak saratoni rivojlanishi xavfini 18 foizga oshiradi.