Pokistonda zilzila qurbonlarini qutqarish bo‘yicha keng miqyosli operatsiya o‘tkazilmoqda
Pokistonda 26 oktabr kuni mintaqani larzaga solgan zilzila oqibatida jabr chekkanlarni topish va qutqarish bo‘yicha keng miqyosli operatsiya boshlab yuborildi.
Oxirgi ma'lumotlarga qaraganda, halok bo‘lganlar soni 270 nafarga yetgan, ularning 220 nafari Haybar-Pahtunhva viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda. 2 mingdan ortiq kishi zararlangan, mingdan ortiq bino vayron bo‘lgan.
Tolo News agentligining ma'lum qilishicha, Afg‘onistonda qurbonlar soni 82 kishiga yetdi. Jumladan, 12 nafar o‘quvchi qiz Taxorda, maktab binosidan qochib chiqayotgan paytda oyoqosti bo‘lishdi. Vayronagarchiliklar Badaxshon, Taxor, Nangarxar, Qunduz, Bog‘lon, Parvon viloyatlarida kuzatildi.
Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani Ahmadzay zarar ko‘rganlarga hamda halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirib, ularga tezkor yordam ko‘rsatish bo‘yicha komissiya tuzilganini ma'lum qildi.
O‘z navbatida, Pokiston bosh vaziri Miyon Muhammad Navoz Sharif, Vazirlar mahkamasi a'zolari hamda Haybar-Pahtunhva hokimi 27 oktabr kuni Malakand diviziyasining zarar ko‘rgan tumanlariga tashrif buyurishdi.
Pokiston hukumati uyi vayron bo‘lganlarga 100 ming rupiya (950 dollar), uyi zarar ko‘rganlarga 50 ming rupiya yoki 479 dollar yordam ko‘rsatish haqidagi qarorni tasdiqladi.