Tojikiston va Qirg‘iziston bahsli hududlar bilan o‘zaro almashmoqchi
Tojikiston va Qirg‘iziston ikkala davlat chegaralaridagi bahsli xududlarni demarkatsiya (chegara chiziqlarini qayta tortish, belgilarni o‘rnatish) va delimitatsiya (tuzilgan kelishuv bo‘yicha davlat chegarasini belgilash va uni xaritaga tushirish) muammolariga nuqta qo‘ymoqchilar, deb xabar berdi Tojikiston xukumatidagi manba.
Manbaning aytishicha, noyabr oyida Bishkek va Dushanbeda tojik-qirg‘iz davlat chegarasidagi bahsli hududlar masalasini hal qilish bo‘yicha qo‘shni davlatlar hukumatlararo komissiyasining ikkita majlisi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Manbaning ta'kidlashicha, Tojikiston delegatsiyasi ikki davlat chegarasidagi taranglikni kamaytirish bo‘yicha aniq takliflar bilan 5 noyabrda Bishkekka yo‘l oladi. Bu yerda ikki davlat hukumatlararo komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Biroq manba Tojikiston Bishkekga aynan qanday takliflar bilan tashrif buyurishini aytib o‘tmadi.
Bu orada qirg‘iz OAVlarining ma'lum qilishicha, Qirg‘iziston bosh vazirining xavfsizlik, huquq-tartibot va chegaralar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Mamataliyev Tojikiston bilan chegaralarni delimitatsiya qilish borasida jurnalistlarga tarixda birinchi marta qirg‘izlar tojiklarga aniq hududlar bilan almashishni taklif qilayotganini ma'lum qildi.
“Bu o‘zaro manfaatli almashuv bo‘ladi, har tomondan 12 gektardan yer almashiladi. Biz qabriston bo‘lgan Ko‘k-Tosh qishlog‘idagi hududlarni olamiz, tojiklar esa bu qishloqdan pastroq hududlarni olishadi”, deb tushuntirish berib o‘tdi Mamataliyev.