Jahon | 08:19 / 28.10.2015
3055
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya Qozog‘istondagi AES qurilishiga qiziqish bildirmoqda

Yaponiya Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishida ishtirok etishga qiziqish bildirmoqda. Bunday fikrni Yaponiya bosh vaziri Shindzo Abe Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan Oqo‘rdada bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha aytib o‘tdi.

Abening aytishicha, Nazarboyev bilan uchrashuv davomida Qozog‘iston bilan munosabatlarni mustakhamlash masalasi bo‘yicha sermazmun fikrlar almashuvi bo‘lib o‘tdi.

“Men sizni bizning uchrashuvimizning uchta muhim natijasi bilan tanishtirmoqchiman. Birinchidan, Yaponiya kelgusida ham Qozog‘istondagi iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Xususan, Qozog‘istonda rejalashtirilayotgan AES qurilishi borasida biz uning amalga oshirilishi bo‘yicha hamkorligimizni mustahkamlaymiz. Shuningdek, sanoat uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash sohasida va yapon diagnostika tizimlarini tibbiyotga tatbiq qilish bo‘yicha yangi hamkorlik boshlanadi. Biz bu vazifalar bo‘yicha kelishib oldik”, deb aytdi Abe.

“Bizning nodir metallarni qidirish, atom energetikasi, bank sektori, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, transport sohasidagi hamkorligimiz juda muhim deb hisoblaymiz”, deb aytdi o‘z navbatida Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev.