19:48 / 03.11.2015
2729

O‘zbekiston Rossiyaga to‘qimachilik mahsulotlari eksportini 2 barobarga oshirmoqchi

O‘zbekiston yaqin yillarda Rossiyaga to‘qimachilik mahsulotlari eksportini 2 barobarga ko‘paytiradi, deb xabar bermoqda “O‘zbekengilsanoat” DAK vakili Sputnik nashri muxbiriga. 

Kompaniya vakilining aytishicha, kompaniya Rossiyaning yetakchi kompaniyalari bilan 2015-2016 yillar uchun kalava ip va tayyor mahsulot yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

“Bir necha o‘nlab Rossiya kompaniyalari bizning mahsulotni sotib olishga qiziqish bildirmoqda. Ular sinov partiyalari sotib olib, ular asosida mahsulot sifati va uning logistikasini o‘rganishga tayyorlanmoqdalar va shundan keyin uzoq muddatli shartnomalar va katta hajmli xaridlar haqida qaror qabul qilishmoqchi”, deb aytdi kompaniya vakili.

Bugun kunda Rossiya va MDH davlatlari O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalari mahsulotlarining yirik importyorlari hisoblanadilar. Ularning zimmasiga barcha eksportning 51 foizi to‘g‘ri keladi, 21 foiz mahsulot Janubiy Osiyoga, 12 foiz – Yevropaga, 8 foiz mahsulot Yaqin Sharq va Afrikaga yuboriladi.

Oxirgi ikki yil kuzatilayotgan inqirozga qaramay, kompaniya Rossiya bozoriga eksport hajmini kamaytirmadi, biroq rublning qadrsizlanishi oqibatida savdodan oladigan daromadi kamaygan.

2015 yil natijalariga ko‘ra O‘zbekiston 1 mlrd dollardan ko‘proq qiymatga to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilishni rejalashtirmoqda. Joriy yilning 9 oyi natijalariga ko‘ra, xorijga 495 mln dollarlik kalava ip, 170 mln dollarlik tayyor trikotaj mahsuloti, 90 mln dollarlik gazlama va 17 mln dollarlik ipak mahsulotlari yuborilgan.

Top