10:11 / 04.11.2015
5076

O‘zbek astronom olimi Fransiya mukofoti bilan taqdirlandi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Astronomiya instituti rahbari, fizika-matematika fanlari doktori Shuhrat Egamberdiyev Lazur qirg‘og‘i observatoriyasi (Fransiya, Nitstsa) tomonidan ta'sis etilgan La médaille de l’ADIONS medali bilan taqdirlandi. Bu haqda institut rasmiy saytida e'lon qilindi.

Shuhrat Egamberdiyev 2015 yilning 1 yanvar kuni Fransiya Respublikasining Faxriy Akademik palma ordeni bilan mukofotlangan edi.
Sh.Egamberdiyev 1987 yilda Fransiyaning shtab-kvartirasi Nitstsa universitetida joylashgan IRIS (International Research on the Interior of the Sun) xalqaro dasturi doirasida Quyoshning global akustik tebranishi bo‘yicha tadqiqot o‘tkazib, O‘zbekistonda yangi ilmiy yo‘nalishga asos solgan edi.

IRIS loyihasi va uning dunyo bo‘yicha mavjud 6ta stansiyasi Quyoshning global tebranish seriyasini uzluksiz va ko‘p yillar olishga mo‘ljallangan. Salkam 20 yil davomida Sh.Egamberdiyev IRIS loyihasining faol a'zosi sifatida ilmiy guruhi bilan yurtimizdagi IRIS stansiyasida (Qumbel tog‘i) ko‘plab kuzatish ishlarini olib bordi.
Professor Sh. Egamberdiyev Xalqaro Astronomiya uyushmasi a'zosi, 2002-2003 yillarda 28 mamlakat a'zo bo‘lgan Osiyo Fanlar Akademiyasi assotsiatsiyasining Bosh kotibi etib saylangan.

La médaille de l’ADIONS medali Lazur qirg‘og‘i observatoriyasi ilmiy faoliyatiga ulkan hissa qo‘shgan kam sonli olimlarga taqdim etiladigan mukofot bo‘lib, 1963 yilda ilk bor ta'sis etilgan. Shu vaqtga qadar 42 nafar olimga taqdim etilgan.

Top