09:35 / 05.11.2015
3205

O‘zbekiston va Germaniya ishbilarmonlari yangi loyihalar borasida kelishuvga erishdi

4 noyabr kuni Toshkentdagi Xalqaro biznes markazida O‘zbekiston-Germaniya va Germaniya-O‘zbekiston ishchi kengashlarining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Tadbirda vazirlik va idoralar, ikki davlat kompaniya va konsernlari vakillari ishtirok etdi. Muhokamalar tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, investitsiya, bank-moliya, mashinasozlik, qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi, yengil va tekstil sanoati, yuqori texnologiyalar, elektron mahsulotlar ishlab chiqarish, farmatsevtika, sug‘urta, eksport-import singari yo‘nalishlarda olib borildi.

O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston-Germaniya kengashi raisi Rustam Azimov Claas kompaniyasi boshqaruvi a'zosi, Germaniya-O‘zbekiston kengashi raisi Yan Xendrik Mor va boshqalar ikki davlat o‘rtasida turli yo‘nalishlardagi hamkorlik samarali rivojlanayotganini alohida ta'kidlab o‘tishdi. Jumladan, 2014 yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 685 mln dollarni tashkil qilgani qayd qilib o‘tildi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda Germaniya kapitali ishtirokida 110 korxona faoliyat yuritayotgani esga olindi.

Shundan so‘ng yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasida kelishuvlar bo‘lib o‘tdi. Claas, Deutsche Kabel, Knauf, MAN, Lemken, Siemens, Commerzbank singari kompaniyalar vakillari O‘zbekiston bozoridagi faoliyatlarini davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini ta'kidlab o‘tishdi.

Top