09:56 / 06.11.2015
7276

Noqulay ob-havo oktabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxining ko‘tarilishiga olib keldi

BMT qoshidagi xalqaro Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning oziq-ovqat mahsulotlari narxi indeksi 2015 yilning oktabr oyida o‘rtacha 162 punktni tashkil etdi. U sentabr oyidagi ko‘rsatkichga nisbatan 3,9 foiz, o‘tgan yilga qaraganda esa 16 foizga oshdi.

FAOning so‘nggi hisobotida 2015 yil oktabr oyi uchun g‘alla mahsulotlari taklifi va ularga bo‘lgan talab don mahsulotlarining 2,53 milliard tonnagacha kamayishi, o‘tgan yilgi rekorddan 1,1 foiz past bo‘lishi bo‘yicha qayta bashorat qilib chiqildi. Ishlab chiqarish bo‘yicha bashoratlarning pasaytirilishi Hindiston va Ukrainadagi noqulay ob-havo tufayli makkajo‘xori hosilining noma'lum istiqbolli ko‘rsatkichlari bilan qisman bog‘lanmoqda.

Tailanddagi qurg‘oqchilik esa sholi hosilining mavsumiy bashoratlarini pastlashuv tomoniga qayta ko‘rib chiqishga sabab bo‘ldi. Ayni paytda dunyo miqyosida bug‘doy yetishtirish bo‘yicha bashoratlar Yevropa Ittifoqida avval taxmin qilingandan ko‘proq hosil yetishtirilgani bilan bog‘liq ravishda ijobiy tomonga qayta o‘zgartirildi. G‘alla mahsulotlarining dunyo zaxirasi yetarli darajada baland darajasini saqlab qolib, ayniqsa jamg‘arilgan bug‘doy miqdori so‘nggi 15 yil ichida eng yuqori natijani qayd etdi.

Shakarning narx indeksi esa asosiy ishlab chiqaruvchi hududlardan biri bo‘lgan Braziliyada shakarqamish hosiliga me'yoridan ortiq yog‘ingarchiliklar tahdid solish manzarasida sentabr oyida 17,2 foizga oshdi. Shuningdek, Hindiston va Tailanddagi qurg‘oqchiliklar haqidagi xabarlar oziq-ovqat mahsulotlarining umumiy narx indeksi o‘sishiga asosiy sabab bo‘lmoqda.

El-Ninoning salbiy oqibatlari kuchaygani bilan bog‘liq xavotirlarning ortishi kelgusi yilda Indoneziyada palma yog‘i taklifining kamayishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, Braziliyadagi noqulay ob-havo soya o‘simligi hosiliga ta'sir ko‘rsatishi natijasida soya yog‘i narxi indeksi ham ko‘tarildi. Mazkur omillar, o‘z navbatida, o‘simlik yog‘i narxi indeksining 6,2 foizga o‘sishiga olib keldi.

Sut mahsulotlari narxi ham sentabr oyida Yangi Zellandiyada sut ishlab chiqarish hajmini qisqatirishi ehtimoli sababli 9,4 foizga qimmatlashdi. Go‘sht narxi esa dunyo miqyosida o‘zgarishsiz qoldi.

Top