18:46 / 11.11.2015
4048

Garvardlik talabalar Garvard maktabi gerbini quldorlikka ishora bo‘lgani sabab o‘zgartirmoqchilar

Garvard universiteti huquq maktabida tahsil oluvchi bir guruh talabalar bilim maskanining rasmiy gerbini o‘zgartirmoqchilar, chunki unda 18-asrning yirik quldorlari oilaviy gerbiga taalluqli jihatlar olingan va AQShdagi quldorlik davrlariga ishora bor. Bu haqda Fox News kanali ma'lum qildi.

Gerbda uch bog‘ bug‘doy tasvirlangan, bu tasvir amerikalik yer egasi Kichik Isaak Royallning oilaviy gerbidan olingan. Royall Garvard universiteti huquq kafedrasiga o‘zining yerini hadya qilgan. Royall tadbirkor bo‘lib, o‘zining davlatini qullar savdosi hisobiga to‘plagan. Uning oilasi Karib dengizi orollaridagi plantatsiyalarda va Massachusetsdagi uyida o‘nlab qullarni ushlagan. Royall o‘zining qullarga vahshiyona munosabati, qotilliklari va qiynashlari bilan nom chiqargan.

Maktab gerbining o‘zgartirilishini talab qilayotgan talabalar “Royall ag‘darilishi kerak” (Royall Must Fall) degan shior bilan kampus (universitet hududi) hududida gerbni olib tashlashni talab qilib namoyishlar o‘tkazmoqdalar. Ular bu irqchilik ramzini o‘quv korpuslari, futbolka va universitetning boshqa ramzlarida mag‘rurona barq urib turishini haqoratli deb aytishmoqda.

Harakat tashkilotchisi 3-kurs talabasi Brayan Klosterber gerb “bu sharmanda oilani” doimo eslatib turishini aytdi.

“Odamlar biz tarixni hurmat qilishimiz kerakligini aytishmoqda, biroq menimcha ular bu tarixni umuman bilishmaydi”, deb aytmoqda talaba.

Garvard universitetining rasmiy vakillari bu holatga hozircha hech qanday izoh berishmayapti.

Top