Yaponiyalik maymun-odam yangi jahon rekordi o‘rnatdi
Maymun-odam laqabli yaponiyalik Keniti Ito yangi jahon rekordi o‘rnatdi, deb xabar bermoqda The Independent nashri. Ito 100 metrlik masofani qo‘l va oyoqlarini yerga tekkazib 15,71 soniyada bosib o‘tdi. Ushbu rekord natija Tokiodagi “Komadzava Olimpik” stadionida qayd etildi.
Bunday masofaga yugurish 33 yoshli tokiolik Ito uchun yangilik emas. Ito bu turda 3 ta jahon rekordini o‘rnatgan: 2008 yil – 18,58 soniya, 2012 yil – 17,47 soniya) va 2013 yil – 16,87 soniya. 2014 yilda Itoning rekordini Katsumi Tamakosi yangilagandi. Tamakosi 100 metrni qo‘l va oyoqlarini yerga tekkazib 15,86 soniyada bosib o‘tgandi. Ito o‘ziga rekordchi unvonini qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.
Yangi rekord 12 noyabrda nishonlanadigan Guinness World Record Day kuni munosabati bilan qayd etildi. Bu kunda butun dunyo bo‘ylab 650 ming kishi Giness rekordlar kitobidan o‘rin olish harakat qilib ko‘radilar.