17:58 / 17.11.2015
11750

Belarus O‘zbekistonga zirhli mashinalar yig‘ishni taklif qilmoqda

Belarusning “140-ta'mir zavodi” O‘zbekistonga zirhli mashinalar yig‘ish, shuningdek, harbiy texnikaga xizmat ko‘rsatishni taklif qildi. Bu haqda yaqinda Toshkentga kelib ketgan korxona delegatsiyasi vakiliga tayangan holda Sputnik agentligi xabar qilmoqda.

Uning so‘zlariga qaraganda, Belarus O‘zbekiston bozori uchun bir qator qiziqarli takliflar tayyorlab qo‘ygan.
“Bizni ikki yo‘nalish qiziqtirmoqda – joriy harbiy texnika modernizatsiyasi, shuningdek, bizning yangi maxsus transport va zirhli mashina namunalarimizni sotish”, - dedi kompaniya vakili.

Gap “Kayman” zirhli mashinasi haqida ketmoqda. U armiya qo‘shilmalari va maxsus militsiya otryadlari, shuningdek, FVV, o‘rmonchilar va o‘t o‘chiruvchilar singari fuqarolik xizmatlari tomonidan qo‘llanilishi mumkin.
Bundan tashqari, Belarus korxonasi o‘zbekistonlik hamkorlariga “Pegas” yuqori ehtiyoj mashinalarini taklif qilmoqchi. Bu qurilma geologik razvedkaga ixtisoslashgan korxonalarga mo‘ljallangan.

Top