16:14 / 18.11.2015
2576

Parijda aksilterror amaliyoti yakunlandi: 7 nafar gumonlanuvchi hibs qilindi

Fransiya poytaxti Parij shahri shimolidagi Sen-Deni tumani hududiga o‘rnashib olgan terrorchilarning yangi guruhini bartaraf etish maqsadida o‘tkazilgan aksilterror amaliyot yakunlandi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, 3 soatdan ortiq vaqt davomida olib borilgan ushbu amaliyot orqali 7 nafar terrorchi qo‘lga olingan.

Amaliyot davomida ro‘y bergan talofatlar: tinch aholi vakili halok bo‘ldi, politsiya iti o‘qqa uchdi va 5 nafar politsiyachi jarohatlandi.

Shuningdek, hududda o‘rnashib olgan terrorchilar bilan ro‘y bergan otishmalar vaqtida 3 nafar jinoyatchi yo‘q qilingan (ulardan biri o‘zini portlatgan ayol terrorchi).

Ushbu guruh Parijda 13 noyabr kuni sodir etilgan teraktlarga aloqador bo‘lib, ular shaharda yangi teraktlar uyushtirishga hozirlanayotgan bo‘lgan.

Qo‘lga olinganlar orasida Parijdagi teraktlarni tashkil qilishda ayblangan Abdislom va Abaud yo‘qligi aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, 13 noyabr oqshomida Parijda sodir etilgan davomli teraktlar tufayli 129 kishi halok bo‘lgan, 352 kishi jarohatlangan. Shifoxonadagilarning 99 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda.

Top