08:03 / 21.11.2015
2601

Sheremetevodagi kurd qochqinlari oilasi muhojirlar uchun markazga jo‘natildi

Sheremetevo aeroportining tranzit hududida sentabrdan beri yashayotgan suriyalik kurd qochqinlari oilasi Rossiya Federal migratsiya xizmatining vaqtinchalik joylashtiruv markaziga yuborildi. Bu haqda FMX boshlig‘i Konstantin Romodanovskiy “Interfaks” axborot agentligiga ma'lum qildi.

“Bu shaxslarda yashash uchun vositalar bo‘lmagani hamda ularning FMX muassasalarida joylashtirish haqidagi murojaatlarini hisobga olgan holda, gumanitar asoslarga ko‘ra oila Tver viloyatidagi FMXning vaqtinchalik joylashtiruv markaziga yuborildi”, deb aytdi Romodanovskiy. Uning aytishicha, oila o‘zining qochqinlar deb tan olinishi haqida takroran ariza topshirgan.

19 noyabrda Ximkino sudi Hasan Ahmad Abdu va uning rafiqasi Guliston Isso Shahoni chegarani tegishli hujjatlarsiz kesib o‘tganliklari uchun 5 ming rublga jarimaga tortgan edi. Tergov versiyasiga ko‘ra, er-xotindan biri boshqa odamga berilgan viza yopishtirilgan qalbaki hujjat taqdim qilgan.

13 noyabrda Sheremetevoda yashayotgan kurd oilasining 13 yoshli o‘g‘li Rossiya prezidenti Vladimir Putin nomiga yordam berishni so‘rab maktub yozgan.

30 oktabrda FMX oilaga Rossiyada boshpana va qochqin maqomini berishdan bosh tortgan edi. Bundan bir kun avval qochqinlarga nisbatan Rossiya chegarasini noqonuniy kesib o‘tganlik holati bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan edi.

Hasan Ahmad Abdu rafiqasi va 4 farzandi bilan Sheremetevo aeroportining tranzit hududida 10 sentabrdan yashamoqda. Ular kelib chiqishi qozog‘istonlik bo‘lgan Gulistonning oilasi yashaydigan Samaraga yo‘l olayotgan bo‘lishgan. Bojxona nazoratidan o‘tayotganlarida boshpana berishni so‘rashgan. Rossiya chegara xizmati xodimlari ularni chegarani noqonuniy kesib o‘tishga urinishda ayblashgan.

Top