21:18 / 22.11.2015
8597

O‘shda samolyot bilan sodir bo‘lgan ko‘ngilsiz hodisa tergovi natijalariga ko‘ra yo‘lovchilarga tovon puli to‘lanadi

22 noyabrda “O‘sh” xalqaro aeroportida “Avia Trafik Kompani” aviakompaniyasining Krasnoyarsk-O‘sh yo‘nalishi bo‘yicha AVJ 768 reysini amalga oshirayotgan “Boing 737” samolyoti favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Qo‘nish paytida samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagidan tashqariga chiqib ketdi.

“O‘shda samolyot bilan sodir bo‘lgan ko‘ngilsiz hodisa tergovi natijalariga ko‘ra yo‘lovchilarga tovon puli to‘lanadi”, deb aytdi Qirg‘iziston bosh vaziri Temir Sariyev tezkor yig‘ilishda. Bu haqda 24.kg nashri matbuot xizmati boshlig‘i Nazira Ahmedova ma'lum qildi.

Ahmedovaning aytishicha, hozir jabrlanganlarning aniq soni aniqlanmoqda. “Temir Sariyevning buyrug‘i bilan samolyotning O‘sh aeroportida favqulodda qo‘nishini tergov qilish maqsadida hukumat komissiyasi tuzildi. Komissiya tegishli vazirliklar, boshqarmalar rahbarlari va mustaqil ekspertlardan tashkil topgan, unga transport vaziri Arg‘inbek Malabayev boshchilik qilmoqda”, deb aytdi Ahmedova.

Hukumat komissiyasiga voqea joyiga zudlik bilan chiqish, yo‘lovchilarga tibbiy yordam ko‘rsatish vazifasi yuklandi. Bundan tashqari, yo‘lovchilar yukining butligini ta'minlash buyurilgan. O‘sh aeroporti xodimlari yo‘lakni tozalab, parvozlarni boshlash hamda ob-havo sharoiti tufayli aeroport aviatsiya ishini kuchaytirishi buyurildi.

Temir Sariyev komissiyaga 10 kun ichida voqea sababini aniqlashni topshirdi. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, favqulodda qo‘nish ob-havo sharoiti tufayli bajarilgan. Biroq bosh vazir bu hodisa samolyot qo‘nayotgan paytda uchish yo‘lagidan chiqib ketayotgan birinchi holat emasligini ta'kidlab o‘tdi. Bunday holat yil boshida ham yuz bergan edi.

“Xayriyatki, qurbonlar bo‘lmadi. Biroq kelgusida bunday hodisalarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Hukumat komissiyasi bu masalani kengroq ko‘rib chiqadi. Birinchi hodisada nima qilingani, yomon ob-havo sharoitida qanday choralar qabul qilinishini aniqlash lozim. Shuningdek, barcha samolyotlarning texnik holatini tekshirish lozim”, deb aytdi bosh vazir.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan dastlabki ma'lumotga ko‘ra, samolyotda bo‘lgan homilador ayol shifoxonaga olib borilgan, unga ruhiy ko‘mak ko‘rsatilgan. Ikki nafar yo‘lovchi lat yegan.

O‘sh shifoxonasida 4 nafar yo‘lovchi qolmoqda. Shuningdek, uchuvchilardan biri ham shifoxonaga yetkazilgan.

Top