00:51 / 22.11.2015
4486

Sankt-Peterburgga ekskavator kovshida 820 kg gashish olib o‘tilmoqchi bo‘ldi

Sankt-Peterburgga ekskavator kovshidan foydalangan holda 820 kg gashish giyohvand moddasi olib o‘tilmoqchi bo‘ldi. Bunday “antiqa” usul bilan gashish tashish fikri belgiyalik giyohvandfurushlar miyasiga keldi: ular gashish qadoqlangan 8 mingta bog‘lamni eskavator kovshiga yashirgan holda kema orqali Rossiyaga jo‘natishdi.

Giyohvand moddalar yashirilgan ekskavator Sankt-Peterburgdagi mas'uliyati cheklangan jamiyatlardan biriga mo‘ljallangan bo‘lgan.

Rossiya Federal bojxona xizmatida ma'lum qilinishicha, giyohvand modda mobil kuzatuv majmuasi tomonidan aniqlandi.

“Eskavator yorug‘lantirilganda mutaxassislar uning kovshida qora dog‘larni ko‘rishdi. Bu unda nimadir borligidan darak berardi. Kovshning metalli parmalanib teshik ochilganda uning ichidagi bo‘shliqda qandaydir o‘simlik moddasi borligi aniqlandi”, deyilmoqda bojxonada.

Ekspress-sinov natijasida bu modda gashish ekanligi aniqlandi.

Ma'lum bo‘lishicha, giyohvand moddani Rossiyaga jo‘natish bilan xalqaro jinoiy guruh shug‘ullangan. Bu jinoyat yuzasidan bir necha kishi, jumladan xorijliklar qo‘lga olindi.

Top