21:12 / 23.11.2015
7378

Suvga bo‘kkan smartfonni qanday asrab qolish mumkin?

Suvga tushib ketgan smartfon mash-mashasi yoxud ishlab ketishiga umid qilsa bo‘ladigan bir qancha tavsiyalar.

Smartfonlar xojatxona unitaziga tushib ketganida nima qilish kerakligi haqida aytib o‘tilgan edi. Biroq suv faqat xojatxonada emas, barcha joyda bor. Smartfonimiz istalgan paytda sho‘rvaga tushib ketishi, uning ustiga choy to‘kib yuborishlari, egasi bilan birga yomg‘ir ostida qolib ketishi, vannada “cho‘milishi”, kiyimga qo‘shilib kir yuvish mashinasida “yuvilishi” mumkin. Bunday holatlarda smartfonimizni saqlab qolish imkoni bo‘lmaydi, albatta, ammo ayrim choralarni qo‘llab, uni saqlab qolishga umid qilsa bo‘ladi.

Batareyani sug‘urib oling yoki smartfonni o‘chiring

Eng birinchi qilinishi kerak bo‘lgan ish — smartfonni energiya bilan ta'minlovchi har qanday manbadan uzib tashlash. Suvning o‘zi smartfonga zarar keltirmaydi, ammo suv kirishi natijasida sodir bo‘ladigan qisqa tutashuv uning mikrosxemasiga zarar keltirishi va telefonni yaroqsiz holatga keltirishi mumkin. Agar smartfonning batareyasini olish imkoni bo‘lsa, birinchi bo‘lib uni sug‘urib tashlang. Moboda bunday imkoniyat bo‘lmasa apparatni batamom o‘chirib tashlang.

Barcha qismlarini yechib oling

Smartfonning barcha qismlarini yechish olishga to‘g‘ri keladi. Undan SIM-kartani, xotira kartasini, agar imkoni bo‘lsa matritsa platasini yechib oling. Shleyflarni ulangan yeridan uzib tashlang.

Quriting 

Telefon ichiga kirgan suyuqlik yopishqoq (masalan, shirin choy, gazli ichimlik, kefir kabi) yoki yog‘li bo‘lsa (masalan, sho‘rva, yog‘ kabi) avvalo, uni suv bilan yuvib tashlash lozim bo‘ladi.

Quritishn jarayonini ikki xil usulda amalga oshirsa bo‘ladi. Birinchi usul: uni quritishda changyutgichdan foydalaning. Aslo findan emas. Chunki fin smartfonning sezgi kuchli qismlariga, masalan dinamikasiga, mikrafoniga va ekraniga zarar keltiradi.

To‘planib qolgan suv to‘kib tashlanadi va changyutgichda 5-10 daqiqa quritiladi.

Ikkinchi quritish usuli biroz ko‘proq vaqt oladi. Guruch yoki oqshoq biror-bir idishga solinib, unga yechib olingan smartfon qismlari aralashtirib qo‘yiladi. Bir-ikki kundan so‘ng ular olinib, yig‘ib chiqiladi. Ishlab ketishiga kafolat bo‘lmasada, har holda umid qilsa bo‘ladi.

Suvdan tozalashning yanada tez usuli, yechib olingan iqsmlarni toza spirtga bir kun davomida solib qo‘yish kerak. Suv spirtga aralashib ketadi. Spirtning o‘zi esa havoda parlanib ketadi. Ammo unutmaslik kerakki, ekran, dinamika hamda mikrafonni hech qanday suyuqlikka, jumladan, spirtga ham solib bo‘lmaydi.

Agar yuqoridagi usullardan so‘ng ham smartfon ishlamasa yoki oldingidek ishlamayotgan bo‘lsa, kafolat muddati tugamasdan buzildi deb, sotib olgan joyingizga olib borishga shoshilmang. Chunki ularning ichida maxsus datchik o‘rnatilgan bo‘lib, agar smartfon ichiga suyuqlik kirsa uning rangi o‘zgaradi. Ustalar esa buni darrov payqashadi. Uyalib qlishingiz mumkin. Shu bois taqdirga tan bering va bundan keyin buyumlaringizga nisbatan yanada ehtiyotkorroq bo‘ling. Ayniqsa, ullar qimmatbaho bo‘lsa.

Top