22:40 / 24.11.2015
8664

Turkiya OAVi: Su-24 samolyoti uchuvchilari tirik

Rossiyaning Su-24 samolyoti uchuvchilari tirik va ularni Turkiyaga olib kelish choralari ko‘rilmoqda. Bu haqda Hurriyet Daily News nashri xabar tarqatgan.

Xabarda aytilishicha, ayni vaqtda ular Suriyadagi muxolif jangarilari qo‘lida asirlikda bo‘lib turibdi hamda Turkiya ularni ozod qilish choralarini ko‘rmoqda. Bu haqda o‘z ismini oshkor qilishni istamagan turkiyalik amaldor ma'lumot bergan.

"Bizning maxsus bo‘linmalarimiz Suriya bilan chegara hududida urib tushirilgan Su-24 samolyoti uchuvchilarning tirikligi haqida ma'lumot olishgan. Ular katapulta orqali yerga sog‘-omon qo‘nishgan va asirga tushishgan", degan manba.

Bugun, 24 noyabr kunining birinchi yarmida Turkiya Rossiyaning Su-24 rusumli bombardimonchi harbiy samolyoti o‘z havo chegaralarini buzib o‘tganlikda ayblab urib tushirgandi.

Bu hodisa rasmiy Moskva tomonidan keskin norozilik bilan kutib olindi. Rossiya prezidenti Turkiyani terrorchilarga qarshi kurashayotgan Rossiya samolyotini urib tushirish orqali terrorchilarga yordam ko‘rsatishda aybladi va bu ishning oqibatlaridan ogohlantirdi.

U bu ishni ortdan berilgan zarba sifatida baholagan.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa Su-24 samolyoti Turkiya havo hududini buzib o‘tmaganini bildirgan.

Bundan avvalroq, ayrim OAVlarda samolyotning har ikki uchuvchisi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan, lekin bu ma'lumotlar rasman tasdiqlanmagandi.

Suriya muxolifati uchuvchilardan birinning jasadi o‘z tasarrufida ekanini aytib, uni Suriya hukumati asirligida bo‘lgan bir vakiliga almashtirish niyatida ekanini aytgandi.

Shuningdek, Suriyadagi turkmanlar guruhi vakili uchuvchilarning yerga tushgach, otib tashlangani haqida ma'lumot bergan.

Top