Jahon | 23:19 / 24.11.2015
18950
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmanlar Su-24 samolyotining katapulta qilgan uchuvchilariga havodaligidayoq o‘t ochishgan

Turkiya tomonidan o‘z chegaralarini buzib o‘tishda ayblanib urib tushirilgan, Rossiyaga tegishli Su-24 rusumli harbiy bombardimonchi samolyotning uchuvchilaridan biri Lataqiyadagi turkmanlar guruhi jangarilari tomonidan o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin.

Rossiya Bosh shtabida ham shunday ma'lumot bildirilgan.

Shuningdek, internetda raketa tekkan samolyotni katapulta qilish orqali tark etishga ulgurgan uchuvchilarga qarata ular hali bir necha yuz metr balanddaligidayoq pastdagi turkmanlar tomonidan o‘t ochilgani tasvirlangan video paydo bo‘ldi.

Videoda avvaliga jangchilar osmonga qarata tinimsiz o‘q uzishayotganini, so‘ng guruh boshliqlaridan biri o‘q uzishni to‘xtatishni va uchuvchilar asir olinishi haqida ko‘rsatma bergan.

Eslatib o‘tamiz, biroz oldinroq, Turkiyadagi nashrlar uchuvchilarning tirikligi va ularni jangarilar qo‘lidan ozod qilib, Istanbulga olib kelish bo‘yicha ish olib borilayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Bundan avvalroq, ayrim OAVlarda samolyotning har ikki uchuvchisi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan, lekin bu ma'lumotlar rasman tasdiqlanmagandi.

Suriya muxolifati uchuvchilardan birinning jasadi o‘z tasarrufida ekanini aytib, uni Suriya hukumati asirligida bo‘lgan bir vakiliga almashtirish niyatida ekanini aytgandi.

Shuningdek, Suriyadagi turkmanlar guruhi vakili uchuvchilarning yerga tushgach, otib tashlangani haqida ma'lumot bergan.