15:19 / 25.11.2015
5823

O‘zbekiston sayyohlar uchun eng xavfsiz mamlakatlar qatorida qayd etildi

2014 yil statistikasiga asoslangan holda amalga oshirilgan, so‘nggi 15 yil mobaynidagi terrorizmning jahon mintaqalaridagi faolligi trendlari haqidagi “Dunyo terrorizm indeksi” nomli bayonotda qayd etilishicha, O‘zbekiston sayyohlar uchun eng xavfsiz mamlakatlar qatorida.

Ushbu xalqaro bayonot “Iqtisodiyot va Tinchlik instituti” tomonidan ishlab chiqiladi va asosan Terrorizmni o‘rganish milliy jamiyati tomonidan taqdim etilgan statistika ma'lumotlariga suyanib tayyorlanadi. Institut nodavlat notijorat tashkilot maqomida bo‘lib, xalqaro va hukumatlararo tashkilotlar bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi.

Bayonot tahlillari jahonning 162 mamlakatidagi terrorizm bilan bog‘liq faoliyatning holati va rivojlanish trendlariga bag‘ishlangan. Ushbu bayonotning bu yilgi reytingida O‘zbekiston dunyoning eng tinch 38 mamlakati qatoridan joy olgan va bu mamlakatlarda terrorchilik faoliyati mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy hayotiga ta'sir ko‘rsatmaydigan eng tinch mamlakatlar deb yuritiladi.

O‘zbekistondan tashqari Yaponiya, Janubiy Koreya, Finlyandiya, Polsha, Latviya, Singapur kabi mamlakatlar ham ushbu reyting yuqorisidan joy olishgan.

Bayonotning aholi hayotiga eng katta terrorizm ta'siri bor mamlakatlar reytingidan Iroq, Afg‘oniston, Nigeriya, Pokiston va Suriya qayd etilgan.

"Mamlakatning xavfsizligi bu iqtisodiy faoliyatning rivojlanishiga bevosita ta'sir etuvchi omil ekani sir emas. Xususan chet ellik sayyohlar safar oldidan malakatning tarixiy obidalari, boy madaniyati, go‘zal tabiati, narxlardan tashqari alohida e'tibor qaratadigan muhim omillardan biri bu xavfsizlik sanaladi. Shu munosabat bilan O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonining yildan yilga oshib borishi bevosita mamlakatimiz tinchligi bilan bog‘liq", deb yoziladi “O‘zbekturizm” MK matbuot xizmati xabarida.

Top