18:24 / 25.11.2015
6620

Qozog‘istonda mobil qullik bekor qilindi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi, deb xabar beradi Oq O‘rda matbuot xizmati. Qonundan ko‘zlangan maqsad jamiyatni axborotlashtirish jarayonini davom ettirishdir. Loyiha “Axborotlashgan Qozog‘iston – 2020” dasturi doirasida tayyorlangan bo‘lib, davlat rahbarining 5 institutsional islohotlar bilan bog‘liq ravishda berilgan ko‘rsatmalariga asoslanadi. Qonun loyihasini ishlab chiqishda Koreya, Avstraliya, Kanada, Singapur, Finlyandiya, Malayziya singari davlatlarning tajribasidan foydalanilgan.

Qonun aholining raqamli savodxonligini o‘stirishga xizmat qiladi. 2014 yilgi statistik ma'lumotlarga qaraganda, bu ko‘rsatkich qozog‘istonliklar orasida 64 foizni tashkil qiladi.
Shuningdek, qonun “mobil qullik”ni bekor qiladi, ya'ni telefon raqamlari muayyan kompaniyalarga bog‘lab qo‘yilmaydi.
Bundan tashqari, qonun bilan mamlakat sodir etilayotgan barcha jinoyatlar va huquqbuzarliklar qayd qilib boriladigan “Huquqbuzarliklar xaritasi” internet-portali yaratiladi.
Ayni paytda, Nazarboyev “Axborotlashtirish masalasidagi ayrim qonunchilik aktlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ham imzoladi.

Top