Rosturizm rahbari Oleg Safonov Rossiya va Turkiya sayyohlik sohasidagi aloqalarni to‘xtatishini ma'lum qildi.
"Biz Misr bilan aviaaloqalar vaqtinchalikka to‘xtatilganini yaxshi bilamiz. Endi Turkiya bilan ham xuddi shunday bo‘ladi", degan u RIA Novosti nashriga.
Biroz oldinroq, Davlat dumasi deputatlari rossiyaliklar uchun xavfsiz yangi sayyohlik yo‘nalishlari tuzib chiqishni taklif qilishgandi.
Rosturizm bu qarorni Turkiya tomonidan Su-24 samolyoti urib tushirilishiga javoban qabul qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 24 noyabr kuni tongda Turkiya—Suriya chegarasida Suriyadagi harbiy operatsiyada ishtirok etayotgan Rossiyaning Su-24 samolyoti urib tushirildi. Turkiyaning ta'kidlashicha, samolyot mamlakat havo kengliklarini buzib o‘tgan.
Rossiya Mudofaa vazirligining qayd etishicha, Rossiya samolyoti Turkiya hududiga kirmagan.