20:04 / 04.12.2015
5599

Ekspertlar: Malayziyaning yo‘qolib qolgan Boeing samolyoti yonilg‘isini sarflab bo‘lib qulab tushgan

Avstraliyalik ekspertlar 2014 yil 8 martda yo‘qolib qolgan Malaysia Airlines aviakompaniyasi samolyoti bo‘yicha olib borilayotgan tergovning yangi tafsilotlarini oshkor etishdi. Matematik hisob-kitoblar samolyotda parvozning oxirgi daqiqalarida turli tizimlar o‘chib qolgan ssenariyni yaratishga imkon berdi. Bu ssenariyga ko‘ra, samolyot havoga ko‘tarilgandan keyin yonilg‘isi tugaguncha 7 soat 38 daqiqa parvoz qilgan, deyilmoqda Avstraliya transport xavfsizligi boshqarmasi hisobotida.

Birinchi bo‘lib o‘ng dvigatel o‘chgan, bu uning generatori to‘xtashi va u tomondan elektr energiya ishlab chiqarilishining to‘xtashiga olib kelgan. 15 daqiqadan keyin chap dvigatel ham o‘chib qolgan. Dvigatellar ishining oxirgi daqiqalari bo‘yicha aniqlashtirilgan ma'lumotlar yo‘qolib qolgan samolyotni qidirish hududini qisqartirishga imkon berdi, bu hudud hozirda 120 ming kvadrat kilometrni tashkil qilmoqda. Mutaxassislarning fikricha, dvigatellar avval taxmin qilingandan ko‘proq ishlagani bois samolyot bo‘laklarini qidiruv olib borilayotgan hududning janubiy qismida qidirish lozim.

“Qidiruvning ustuvor hududlaridagi 44 ming kvadrat kilometrni tekshirib chiqish kerak va biz bu qidiruvlar samolyot bo‘laklarining aniqlanishiga olib keladi, deb umid bildiramiz”, deb aytdi Avstraliya bosh vaziri o‘rinbosari Uorren Trass.

Trassning aytishicha, bu hududni faqatgina 2016 yil iyunigacha to‘liq tekshirib chiqish mumkin bo‘ladi. 5 dekabrda videokameraga ega boshqariluvchi mini-suv osti kemasi bilan jihozlangan kema qidirish ishlari olib borayotgan qolgan ikki kemaga qo‘shilib, qidiruvlar olib borilayotgan hududga yo‘l oladi. Yanvarda esa qidiruvlarga Xitoy kemasi qo‘shiladi.

Top