08:46 / 04.12.2015
8231

2016 yilda Rossiyadan O‘zbekistonga qaytib kelgan mehnat muhojirlari uchun yangi ish o‘rinlari ochiladi

Xabaringiz bor, 2015 yil 3 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘rtinchi yalpi majlisi ochilgan edi. Unda senatorlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan 2016 yilda yangi ish o‘rinlarini ochish va aholini ish bilan ta'minlash dasturini tasdiqlashdi.

O‘zA xabarida keltirilishicha, dasturda tumanlar va shaharlar kesimida o‘rta maxsus ta'lim muassasalari bitiruvchilarining sonini hisobga olgan holda ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash parametrlari belgilab olindi, kichik sanoat zonalarini tashkil etish, ish o‘rinlarini band qilib qo‘yish orqali ish o‘rinlarini yaratish yo‘nalishlari kengaytirildi hamda alohida ajratib ko‘rsatildi.

Aholini, shu jumladan, xotin-qizlarni, nogironlarni hamda ijtimoiy yordamga muhtoj aholining boshqa toifalarini va eng avvalo, yoshlarni ishga joylashtirishning, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilishning yangi usullaridan foydalanish nazarda tutilmoqda.
Dasturda oilaviy tadbirkorlikni, milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratish, tadbirkorlarning kredit va moddiy xomashyo resurslaridan foydalanishini kengaytirish, kollej bitiruvchilarini ishga qabul qiluvchi kichik korxonalarga keng imtiyozlar berish hisobiga ish o‘rinlarini tashkil etishda kichik biznesning rolini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar alohida o‘rin egallaydi.

Korxonalar (ish beruvchi), ta'lim muassasalarining bitiruvchilari va ota-onalar o‘rtasida tuzilgan uch tomonlama shartnomalar samaradorligini oshirish va bunday shartnomalarning to‘liq bajarilishini ta'minlash, mahalliy hokimliklar huzurida tashkil etilgan ishga joylashtirish masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyatining samaradorligini kuchaytirish choralari ko‘rilmoqda.

Dasturda ish o‘rinlarini tashkil etish, aholini ishga joylashtirish bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlarining, barcha darajadagi hokimliklarning aniq vazifalari belgilab berilmoqda. Umuman olganda, dasturga muvofiq 2016 yilda 992,7 ming kishini ishga joylashtirish nazarda tutilgan. Ularning 511,5 mingtasi ta'lim muassasalari bitiruvchilari, 148 mingtasi esa O‘zbekistonga qaytib kelgan mehnat muhojirlari, jumladan, Rossiyadan kelganlar uchun mo‘ljallangan.

Top