09:56 / 04.12.2015
4033

Senatorlar "Bojxona kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qonunni tasdiqlashdi

2015 yil 3 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘rtinchi yalpi majlisi ochildi. Majlisda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a'zolari, vazirlik va idoralarning rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etishdi.

Senatorlar «O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqishdi.

Bojxona kodeksining yangi tahriri bojxona ishlarining yagona va birxillashtirilgan qonunchilik bazasini yanada rivojlantirish, bojxona ma'murchiligining barcha bosqichlari va darajalarida norma hamda tashkiliy-huquqiy mexanizmlarning birxilda qo‘llanilishini ta'minlash, bojxona tomonidan tartibga solishning oshkoraligini oshirish maqsadida ishlab chiqilganligi ta'kidlandi.

Bojxona kodeksi yuklarni bojxonada rasmiylashtirishning xalqaro standartlariga muvofiqlashtirilgan bojxona rejimlari va tartib-taomillarining barcha turlarini batafsil ravishda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'sir qiluvchi normalar asosida tartibga soladi.

Kodeksda ruxsat etish xususiyatiga ega bo‘lgan turli hujjatlarni berish tartib-taomillari, tovarlarni, shu jumladan, tovarlar bojxona hududiga kelib tushishidan avval ularni deklaratsiyalash va rasmiylashtirishda bojxona tartib-taomillaridan o‘tkazish tartibi yengillashtirildi, shuningdek, mazkur masalalar yuzasidan bojxona organlarining mansabdor shaxslari tomonidan qaror qabul qilish uchun belgilangan muddatlar ancha qisqartirildi.

Tijorat va notijorat maqsadlaridagi transport vositalarini, shuningdek, tovarlarni bojxona chegarasi orqali quvur transporti va elektr o‘tkazuvchi liniyalar orqali olib o‘tish tartibi ancha maqbullashtirildi. Bojxona nazoratining yangi shakllari joriy etildi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining bojxona organlari bilan o‘zaro hamkorligining axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga asoslangan zamonaviy shakllarini joriy etish katta ahamiyatga ega bo‘ladi.

Jumladan, davlat bojxona nazoratining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi faoliyatining tartibi normativ jihatdan mustahkamlandi. Mazkur tartib bojxona organlariga taqdim etiladigan hujjatlar sonini sezilarli darajada qisqartirishni nazarda tutadi. Bu tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish tartib-taomillarini ancha yengillashtiradi.

Majlisda qayd etilganidek, yangi tahrirdagi Bojxona kodeksining qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyati samaradorligini oshirishning, ichki bozorni sifatsiz va kontrabanda mahsulotlaridan himoya qilishning, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari, shu jumladan, kichik biznes va tadbirkorlik korxonalarining jahon bozorlariga chiqishi uchun qo‘shimcha qulay tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratishning muhim omiliga aylanadi.

Shundan so‘ng «O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ko‘rib chiqildi. Ushbu normativ-huquqiy hujjat bilan «Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida»gi,«Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida»gi, «Tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida»gi qonunlarga, O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, bir qator boshqa qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartishlar kiritildi.

Top