19:33 / 06.12.2015
4775

Toshkentga litsenziyasiz kitob chiqargan dizayner va noshirlar qo‘lga olindi

Toshkentga litsenziyasiz kitob chiqargan dizayner va noshirlar qo‘lga olindi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

Aytilishicha, fuqaro Dilshod Inomjonov 2012 yili Kondor Print MChJ ta'sischisiga aylangan. Chilonzor tuman hokimiyatining tadbirkorlik sub'yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tgach, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bergan litsenziyada “Matn terish, original maket tayyorlash, matbaa dizayni, etiketka, plakat, flayyer, afisha, byulleten, katalog, broshyura, jurnal qadoqlash qutilari, keng formatli reklama, kantselyariya va blank mahsulotlarini chop etish, muqovalash” kabilar bilan shug‘ullanishi mumkin edi.

Lekin u jamiyat direktori A. Mirzaahmedov, Xattot Press MChJ nashriyot uyi direktori Yu. Yusupov bilan sheriklikda kitob chiqarishni rejalashtirgan. Ular 2015 yil martiga qadar litsenziyasiz kitob chiqarish bilan shug‘ullanib kelishgan.

2015 yil boshidan 25 martga qadar ular 1 156 nusxada “Legenda Samarkanda” nomli kitobni chop etishgan. Uning noshiri sifatida aslida tugatib yuborilgan Arnaprint MChJ bosmaxonasini ko‘rsatishgan. Maqolada ta'kidlanishicha, “bu bilan kitob muallifi N. Yakubovning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab” bo‘lishgan.

Mazkur holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilib, ular javobgarlikka tortildi.

Aniqlanishicha, 2012-2015 yillarda Kondor Print balansida 113.638 mln so‘mlik kamomad borligi aniqlandi. MChJ faoliyat yuritib kelgan binolardan balansga olinmagan, kirim, kelib chiqish hujjatlari hamda sifat sertifikatlari bo‘lmagan jami 54.421 mln so‘mlik tovar-moddiy xom ayoshlar mavjudligi ma'lum bo‘ldi. Sud tomonidan D. Inomjonovga tegishli jazo tayinlandi.

Top