Jahon | 16:58 / 11.12.2015
12600
1 daqiqa o‘qiladi

Shoygu: Yevropada AQShning 200ga yaqin yadroviy bombasi bor

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu vazirlikning har yili o‘tkaziladigan kengaytirilgan tarkibdagi majlisi vaqtida Boltiq bo‘yi va Sharqiy Yevropa hududidagi NATO kontingenti tarkibidagi samolyotlar va askarlar hajmi ortganini ma'lum qildi.

Uning aytishicha, samolyotlar soni 8 barobar, harbiylar soni esa 13 barobar ortgan.

"Faqat shu yilning o‘zida Boltiq bo‘yi davlatlari, Polsha va Ruminiya hududida NATO kontingentining samolyotlari miqdori 8 baravar, askarlar soni esa 13 baravar ortdi", deydi Shoygu.

Uning aytishicha, Ruminiya va Polshaga joylashtirilgan bo‘linmalar 300ta tank hamda BMP va raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimlari bilan ta'minlangan.

"Belgiya, Italiya, Germaniya, Gollandiya va Turkiya hududida amerikaliklarning 200ta yadroviy aviabombasi joylashtirilgan", deya qo‘shimcha qiladi Shoygu.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish