02:03 / 13.12.2015
9642

OAV: avtobus haydovchisi uning chekishiga e'tiroz bildirgan qizga taksida ketishni maslahat berdi

“Oila davrasida” gazetasining navbatdagi sonida chop etilgan maqolada Toshkentdagi jamoat transportida kuzatilayotgan ayrim kamchiliklar tanqid ostiga olindi. Ilgari matbuotda ko‘p bora ko‘tarilgan “poyga o‘ynash” mavzusi ham chetlab o‘tilmadi.

“Keyin esa avtobus poygaga chiqqandek shoshiladi. Hatto yengil mashinalar ham ortda qola boshlaydi. Baraka topgur haydovchilar yo‘l-yo‘lakay betinim telefonlashadi: «Anovi qaysi bekatda, falonchi qayerdan o‘tdi?» Ba'zan boshlarini chiqarib yonida quvishayotgan hamkasbi bilan orani ochiq qilishga ham ulguradi: “He, seni...”.

Bunday paytda yo‘lovchilar «manzilimga sog‘-omon yetib olay», deb ichida duo qilib o‘tiradi”, - deb yozadi maqola muallifi.

Ilgarigi materiallardan farqli ravishda, avtobus haydovchilarning muomala madaniyati haqida ham fikrlar bildirildi. Buning uchun hayotiy bir misol keltirildi.

“Mana, tiqilinch avtobusdamiz. Toza havo yetishmayotganida, qayerdandir tamaki isi keldi. Tiqilinchdan hatto qo‘lini cho‘ntagiga sola olmaydi kishi. E'tibor bersam, avtobus salonida «Chekilmasin!» degan yozuv bor. Bu yo‘lovchilar uchun ilingan. Qarasam, bu qoidani buzayotgan yo‘lovchi emas, haydovchining o‘zi ekan.

Haydovchi kabinasi yaqinida qo‘qqayib turib qolgan bir juvon o‘qchidi (balki, homiladordir). So‘ng qo‘li bilan burnini to‘sib, sal o‘ziga kelgach, haydovchidan iltimos qildi:

— Iltimos, chekmang.
Haydovchi o‘zini eshitmaganga oldi. Iltimos qaytarilgach, uning doimiy tarafdori — chiptachi yigitcha bobillab berdi:

— Yoqmasa, taksida keting!”.

“Nega hech kim ularga yoqmasa, ishdan keting, o‘rningga boshqa, odobliroq haydovchi kelsin, demaydi?”, - savol beradi jurnalist.

Top