19:19 / 14.12.2015
3200

UYeFA "Lokomotiv" va "Fenerbahche" o‘yinlari betaraf maydonga ko‘chirilmasligini ma'lum qildi

Yevropa ligasining 1/16 final bosqichiga qur'a tashlangach, Rossiyaning "Lokomotiv" klubi Turkiyaning "Fenerbahche"ga jamoasiga qarshi bahs olib boradigan bo‘ldi.

Rossiya va Turkiya davlatlari o‘rtasida siyosiy vaziyat taranglashganiga qaramasdan, "Lokomotiv" va "Fenerbahche" o‘yinlari belgilangan kunlarda Moskva va Istanbul shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda UYeFA matbuot xizmatiga asoslangan holda "R-Sport" nashri xabar qildi.

Xabarda bu o‘yinlar vaqtida barcha xavfsizlik choralari ko‘rilishi ma'lum qilingan.

"Temiryo‘lchilar" dastlab 16 fevral kuni Istanbulda safar o‘yinini o‘tkazishadi, 25 fevral kuni Moskvadagi "Cherkizovo" stadionida javob o‘yini o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, 24 noyabr kuni tongda Turkiya—Suriya chegarasida Suriyadagi harbiy operatsiyada ishtirok etayotgan Rossiyaning Su-24 samolyoti urib tushirildi. Turkiyaning ta'kidlashicha, samolyot mamlakat havo kengliklarini buzib o‘tgan.
Rossiya tomoni bu davoni tan olmagan.

Shundan so‘ng, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashdi. Rossiya 2016 yilning 1 yanvaridan Turkiya bilan vizasiz rejim to‘xtashini ma'lum qilgan.

Ikki davlat o‘rtasida avialoqalar qat'iy nazorat ostida amalga oshirilmoqda.

Hukumat rossiyaliklarga Turkiyaga tashrif buyurmaslikni tavsiya qilgan.

Rossiyaning barcha jamoalari har yili Turkiyada o‘tkazib kelingan qishki yig‘inlarini bekor qilgan.

Rossiyalik mutaxassis: Yevropa Ligasida "Lokomotiv" Turkiya jamoasiga qarshi o‘ynashi oldi olinishi kerak edi

"Lokomotiv" futbolchisi: Bu bosqichda Turkiya jamoasi raqib bo‘lishini istamagandim

Top