23:15 / 15.12.2015
3992

Rossiya va Xitoy BRIKS va ShHTga a'zo davlatlar uchun yuqori aniqlikdagi navigatsiya tizimini yaratishni rejalashtirmoqda

Yo‘ldoshli navigatsiya tizimlari sohasida faoliyat yurituvchi rossiyalik va xitoylik mutaxassislar GLONASS va “Beydou” yo‘ldoshli navigatsiya tizimlari negizida BRIKS va ShHTga a'zo davlatlar uchun yuqori aniqlikdagi navigatsiya xalqaro global tizimini yaratish loyihasini ishlab chiqdilar. Loyiha Yo‘ldoshli navigatsiya tarmog‘idagi strategik hamkorlik sohasidagi muhim loyihalar bo‘yicha Xitoy-Rossiya qo‘mitasining ikkinchi yig‘ilishi davomida ma'qullandi.

Loyihaning amalga oshirilishi BRIKS (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, JAR) va ShHTga a'zo davlatlar (Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston) manfaati yo‘lida global va mintaqaviy navigatsiya yo‘ldoshli tizimlaridan foydalanishni kengaytirishga imkon beradi.

Bu tizimning yaratilishi rejasi Rossiya va Xitoy tomonidan yerdagi o‘lchov stansiyalarini ishlab chiqarish va ularni o‘z hududlari, BRIKS, ShHTga a'zo davlatlar va loyihada ishtirok etishni istagan boshqa davlatlar hududida joylashtirishni ko‘zda tutadi. Rossiyalik va xitoylik mutaxassislar GLONASS va “Beydou” tizimlarining yuqori aniqlikda joylashuvni aniqlash vazifalarini qayta ishlash algoritmlari va dasturiy ta'minotini yaratishni rejalashtirishmoqda.

Top