23:01 / 17.12.2015
4614

Iqtisodchi Qozog‘istonda dollarning narxi 400 tangagacha ko‘tarilishini prognoz qilmoqda

Yaqin orada qozoq tangasi kursi 1 dollar uchun 400 tangagacha ko‘tarilishi mumkin. Bunday prognozni iqtisod fanlari doktori, Qozog‘iston davlat universiteti fan boshqarmasi boshlig‘i Andrey Koval bermoqda.

Uning aytishicha, neft narxining pasayishi milliy valyuta kursiga sezilarli ta'sir qiladi, biroq u buni birinchi navbatda ishlab chiqarish tarmog‘i bilan bog‘lamoqda. Iqtisodchining aytishicha, Qozog‘istonda o‘rta va kichik tadbirkorlikni rivjlantirish zarur, kredit-moliya mexanizmlari ham ishlamayapti, Qozog‘iston Markaziy banki esa vaziyat yuz bergandan keyingina javob bermoqda hamda prognozlashtirish mexanizmlariga ega emas.

Kovalning ta'kidlashicha, aholi valyuta bozoridagi vaziyatga borgan sari xavotir bilan munosabat bildirmoqda. “Bu omillarning barchasi, yaqin orada tanga bizning iqtisodiy rivojlanishimizga monand bozordagi o‘rnini egallaydi. Kavlab olib sotmasdan, haqiqatda nima ishlab chiqarsak, o‘shani olamiz. Men dollar 2016 yil martiga kelib 350 tangani tashkil qilishini prognoz qilgandim, biroq bu ertaroq yuz berdi. Keyingi raqam 400 tanga bo‘ladimi yoki 500 tanga, buning ahamiyati yo‘q. Bunday sharoitlarda odamlar ham, biznes ham yashashga o‘rganishi kerak. Fikrimcha, Brent nefti narxi umuman 15-10 dollargacha tushib ketishi mumkin, kelgusida esa uglevodorodlar umuman energetikada o‘zining yetakchi mavqeini yo‘qotishi mumkin”, deb aytmoqda Koval.

Iqtisodchining fikricha, yuz bergan vaziyatdan davlat xizmatchilari sonini kamaytirish va milliy ishlab chiqarishni rivojlantirish bilan chiqish mumkin. “Biz ichki bozor uchun valyuta va xorijiy yetkazib beruvchilardan mustaqil bo‘lgan zarur mahsulot va xizmatlarning 80 foizini o‘zimiz yaratishga o‘rganishimiz kerak. Bu ishni oziq-ovqat va kiyim-kechak ishlab chiqarishdan boshlash mumkin”, deb aytmoqda Koval.

Oxirgi haftada dollarning narxi Qozog‘istonda anchaga oshib ketdi. 14 dekabrda dollar ayirboshlash shoxobchalarida 340 tangadan sotilgan. Ertasi kuni tanga o‘z mavqeini biroz mustahkamlab, bir dollar uchun 335-337 tanga qiymatida o‘rnatildi.

Top