15:15 / 17.12.2015
3218

O‘zbekiston vakillari belbog‘li kurash bo‘yicha jahon kubogida 11ta medal olishdi

Rossiyaning Orenburg shahrida belbog‘li kurash bo‘yicha jahon kubogi bellashuvlari bo‘lib o‘tdi. Dunyoning 46 davlat vakillari jam bo‘lgan ushbu musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi munosib ishtirok etishdi.

Sports.uz nashri xabariga ko‘ra, o‘zbekistonlik 4 nafar kurashchi musobaqaning finalida kurashgan, Bobur To‘xtasinov eng og‘ir vaznda, Ilhom Masharipov esa -68 kilogramm vazn toifasida shohsupaning yuqori pog‘onasiga ko‘tarilishdi. Shuningdek, yana 7 nafar o‘zbekistonlik kurashchi bronza medali bilan taqdirlandi. Umumjamoa hisobida esa O‘zbekiston terma terma jamoasi 2tadan oltin va kumush hamda 7ta bronza medallari bilan Turkmaniston va Rossiya terma jamoalaridan so‘ng uchinchi o‘rinni egalladi.

"Orenburgdagi jahon kubogida munosib ishtirok etganimizdan xursandman. Albatta, bellashuvlar juda murosasiz bo‘ldi. Finalda turkmanistonlik kurashchi bilan to‘qnash keldim. Ustozlarimning qimmatli o‘gitlari va mashg‘ulotlarimiz samarasi o‘laroq mana shu turnirda g‘olib bo‘lib yurtimizga qaytdim. Bundan bag‘oyat mamnunman. Nasib qilsa, keyingi yilgi musobaqalarda ham yurtimiz sha'nini munosib himoya qilaman", deydi musobaqa g‘olibi Ilhom Masharipov.

Top