00:24 / 18.12.2015
5165

Suriya va Turkiya o‘rtasidagi vizasiz rejim tugatildi

Suriya Turkiya bilan o‘zaro vizasiz rejim bo‘yicha 2009 yilda tuzilgan shartnomani bekor qildi. Bu haqida Suriya Arab respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga asoslanib, SANA agentligi xabar tarqatgan.

"Bu Anqaraning 9 dekabr kuni Suriya fuqarolariga nisbatan vizasiz rejimni bekor qilganiga javob bo‘ldi", deyiladi xabarda.

"Suriya hukumati Turkiya fuqarolarining rasmiylashtirilgan vizaga ega bo‘lmay turib o‘z hududiga kirishiga yo‘l qo‘ymaydi", deya aniqlik kiritgan Suriya TIV matbuot xizmati.
Hujjatda qayd etilishicha, "Bu qarorlarning suriyaliklar va turkiyaliklar hayotiga keltiradigan ta'sirlari uchun javobgarlik Turkiya zimmasida bo‘ladi".

10 dekabr kuni Turkiya Suriya bilan chegarasining 82 kilometrlik qismida, IShID nazoratiga o‘tgan hududlarga yaqin joylarda (Kilis va Gaziantep) 4 metr balandlikdagi devor qurishni boshlagani to‘g‘risida xabar qilingandi.

Shu yilning avgust oyida Turkiya Suriya bilan chegaradagi Rayhonli shaharchasini baland devorlar bilan o‘rab olgandi.

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter chorshanba kuni Turkiya o‘zining sharqiy chegaralarini mustahkamlashi kerakligi haqida aytib o‘tgan.

Top