09:45 / 22.12.2015
10397

Erdo‘g‘an Turkiyaning Rossiyaga eksporti hajmi ortishiga ishonch bildirmoqda

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakatning Rossiyaga eksporti hajmi bu 2 davlat o‘rtasidagi siyosiy ziddiyatga qaramasdan o‘sishda davom etishiga ishonch bildirmoqda. U bu haqda Bursada o‘tkazilgan Savdo-sanoat palatasi yig‘ilishi vaqtida aytib o‘tgan.

"Rossiya bilan o‘rtamizdagi mavjud muammolarga qaramasdan men Turkiyaning bu davlatga o‘z mahsulotlarini eksport qilishi hajmi ortishiga ishonaman. Siz bundan xavotir olmasangiz ham bo‘ladi", degan u.

24 noyabr kuni Turkiya Harbiy kuchlari Rossiyaning Su-24 bombardimonchi samolyotini urib tushirishi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashishiga olib keldi.

Rossiya prezidenti Putin Su-24 Turkiyaning F-16 samolyoti “havo-havo” raketasi orqali urib tushirilgani va Turkiya chegarasi yaqinida qulagani haqida ma'lum qildi. U ushbu mojaroni terrorchilar sheriklari tomonidan “zimdan berilgan zarba” deya baholadi va Turkiyaga qarshi bir qator iqtisodiy choralar qo‘llash haqida farmon e'lon qildi.

Rossiya Harbiy Kuchlari Bosh Qo‘mondonlik shtabi Su-24 Turkiya havo chegarasini buzmaganligini takrorladi. Bunga dalil sifatida Suriya Havo Mudofaasi ma'lumotlarini keltirdi. Ammo Turkiya Su-24 mamlakat havo chegarasini buzgan degan fikrini o‘zgartirmadi.

Noxush hodisa natijasida bir uchuvchi halok bo‘lgan. Shturman omon qolgan. Rossiya Anqaraga yetkazilgan zarar uchun tovon to‘lash va uzr so‘rash talabini qo‘ydi. Turkiya esa o‘z harakatiga chegarani himoya qilganini asos qilib ko‘rsatib, Rossiya qo‘ygan shartlarni bajarishdan bosh tortdi.

Top