18:00 / 25.12.2015
3401

Toshkentda inson huquqlari bo‘yicha tanlovning yakunlari e'lon qilindi

25 dekabr kuni Toshkentda “OAVning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi borasida amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzusidagi davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir doirasida “Jamiyat va men” hamda “Jurnalist huquqlari – jurnalist nigohida” respublika tanlovlarining g‘oliblari e'lon qilindi.

O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tegishli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, huquqshunos olimlar, mutaxassislar, jurnalistlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘lab-quvvatlash jamoat fondining moliyaviy ko‘magida tashkil etilgan ushbu tanlovga mamlakatdagi ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan jurnalistlardan ko‘plab ijodiy ishlar kelib tushdi. Ularda inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasi, mamlakatimizda inson huquqlarini ta'minlashga qaratilgan qonun hujjatlarining ijrosi, yoshlarning demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etish jarayonida faol ishtirokini ta'minlash uchun zarur ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy sharoit yaratishga qaratilgan islohotlar hayotiy misollar bilan ifoda etilgan.

Tadbirda tanlov g‘oliblariga diplom va sovg‘alar topshirildi.

Top