01:03 / 27.12.2015
4374

OAV: Xitoy banklari yashirin tarzda o‘z mijozlarida yolg‘on detektorlarini qo‘llashmoqda

Xitoyning kamida uchta yirik banki “xizmatni yaxshilash” maqsadida mijozlaridan pinhona tarzda ularda yolg‘on detektorlarini (poligraf) qo‘llamoqda. Bu haqda South China Morning Post nashri ma'lum qildi.

The Bank of China, Agricultural Bank of China va China Construction Bank banklari Xitoy fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda o‘z bo‘limlarida marketing, samaradorlik va xavfsizlikni yaxshilash maqsadida eng yangi poligraflarni o‘rnatdi.

Poligraf ishi uchun odatda simlar va qayd qilgichlar kerak bo‘ladi, biroq Xitoy banklari tomonidan ishlatilayotgan tizim pulsni masofadan turib o‘lchay oladi. Bundan tashqari, u mijozning mimikasi, tana harorati, teri rangi va ovozidagi o‘zgarishlarni ham seza oladi.

Bu tizim haqida ma'lum bo‘lgandan keyin u mahalliy aholi tomonidan tanqidga uchradi, ular bankka borishni xuddi politsiyadagi so‘roqqa qiyosladilar.

Biroq tizimni tatbiq qilish bo‘yicha loyihaning boshlig‘i mijozlarning ular poligrafda o‘tayotganlaridan bexabar bo‘lishlari sinov natijalarining maksimal aniq bo‘lishini ta'minlashini aytdi. Hattoki maxsus agentlar ham ularni qanday payt tekshirishayotganini bilmasalar, yolg‘on detektorini alday olmaydilar.

Bor-yo‘g‘i bir necha yil avval poligraflar faqatgina maxsus xizmatlar tomonidan ishlatilgan. Bu qurilmaning o‘lchamlari kichrayishi va uni ishlab chiqarishning arzonlashishi ularni yangi sohalarda qo‘llash imkonini beradi. Yolg‘on detektori yordamida nafaqat mijozning aldayotganini, balki uning asl maqsadlarini ham bilish mumkin.

Xitoylik huquqshunoslar poligrafning yashirincha ishlatilishi ovozni yashirincha yozib olish kabi qonunga xilof, deb hisoblamoqdalar. Mahalliy qonunlarda yolg‘on detektorlarini tartibga solish bo‘yicha hech qanday qoidalar mavjud emas. Banklar buni xavfsizlik maqsadida amalga oshirayotganlarini aytib, o‘zlarini oqlay olishlari mumkin.

Top