Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Gonkongda “Makdonalds”ning yangi avloddagi tamaddixonasi ochildi
2015 yilning dekabrida Gonkongda “Makdonalds” tamaddixonalar tarmog‘ining yangi shoxobchasi ochildi. Bu shoxobcha tarmoqning yangi avloddagi “McDonald's Next” kelajak tamaddixonasi sifatida e'tirof etilmoqda. Yangi tamaddixona tarmoqning an'anaviy shoxobchalaridan dizayni va taom tayyorlashga yondashuvi bilan farqlanib turadi. Shoxobcha dizayni Landini Associates dizaynerlik firmasi bilan birga yaratilgan.

Ushbu “Makdonalds”da nafaqat Wi-Fi’dan foydalanish, balki telefonni quvvatlab olish mumkin: quvvatlash qurilmalari har bir stolda joylashgan.

Tamaddixonadagi yog‘och ustunlar va tarmoqqa xos bo‘lgan an'anaviy oq va qizil ranglarning yo‘qligi bu yerda avvalambor taom, xizmat va mijozlar diqqat markaziga aylanishini nazarda tutadi.

Inshootdagi sun'iy yorug‘lik avtomatik tizim tomonidan boshqariladi va kun qismiga monand o‘zgaradi: u kunduz bo‘yi yorqin, kechki payt esa biroz vazminroq bo‘ladi. Soat 18.00dan keyin mijozlar buyurtmani stolgacha olib keladigan ofitsiantlarning xizmatidan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.


Avvalroq tarmoqning Avstraliyadagi shoxobchalarida sinovdan o‘tgan sensor ekranlar yordamida mijoz turli masalliqlardan o‘ziga sendvich va salat tuzishi mumkin. Bu sendvich va salatlar aynan mijoz tanlagan masalliqlardan tayyorlanadi.

Tamaddixonaga kelayotgan mijozlar bu yerdan olingan suratlarni ijtimoiy tarmoqlarda ham chop etishmoqda. Bunday suratlarning ko‘pini #mcdonaldsnext xeshtegi orqali topish mumkin.

