Sport | 14:46 / 03.01.2016
4179
2 daqiqa o‘qiladi

"Dakar" rallisi vaqtidagi noxush hodisa tufayli jabrlanganlar soni 10 nafarni tashkil etdi

Argentina poytaxti Buenos-Ayresda 2 yanvar kuni boshlangan “Dakar” ralli-marafonining birinchi kunida Xitoy jamoasining avtomobili tomoshabinlarga borib urilishi natijasida jarohatlanganlar soni 10 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 2 nafarining ahvoli og‘irligi aytilmoqda.

Avtomobilni boshqargan xitoylik ayol poygachi Go Meylin mashinasini bir guruh tomoshabinlar ustiga bostirib borgan.

Xabar qilinishicha, jabrlanib shifoxonaga yotqizilgan 10 kishining biri homilador ayol edi. Uning holati hozirda yaxshilangani aytilgan. Mashina zarbasiga uchragan ota va uning 14 yoshli o‘g‘lining ahvoli jiddiy qolmoqda. Ularni shifoxonaga vertolyot orqali olib borishgan.

"Biz jami 10 kishini qabul qildik. Ulardan 4 nafari voyaga yetmaganlar edi. Homilador ayolning ahvoli barqarorlashgan. 2 kishi, ota va o‘g‘il jiddiy jarohat olgan", deb ma'lum qilgan Seynt Frensis shifoxonasi bosh shifokori Daniel Modesto.

Noxush voqea sababli poygalar to‘xtatildi. 3 yanvarda poyga ishtirokchilari Rosario shahridan Vilya-Karlos-Pas shahriga yo‘l olishadi.

Ushbu poygalar Argentina va Boliviya hududlaridagi 9 ming km yo‘l bo‘ylab o‘tadi va 16 yanvarda Rosario shahrida yakunlanadi. Poyga startiga 350tadan ko‘proq transport vositasi, jumladan 55ta sport yuk mashinasi chiqqan.