Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Obama va Klintonni IShIDni tashkil qilishda aybladi
AQSh prezidentligi uchun Respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lgan Donald Tramp mamlakatning amaldagi rahbari Barak Obama ma'muriyati va sobiq davlat kotibi, navbatdagi prezidentlik saylovidagi demokratlarning asosiy nomzodi Hillari Klintonni IShIDning tashkil etishda ayblab chiqdi. Uning chiqishi Associated Press agentligi tomonidan YouTube portaliga joylashtirilgan.
Tramp Saudiya Arabistoni hukumati shialar yetakchilaridan biri Nimr an-Nimrni qatl etgani ma'lum bo‘lgach, qirollikning Tehrondagi elchixonasi namoyishchilar hujumiga uchragani yuzasidan fikr bildirdi. "IShIDni ular yaratdi. Hillari Klinton IShIDni Obama bilan birga yaratdi", dedi Tramp.
"Hillari Klinton Obama bilan birgalikda IShIDni yuzaga keltirishdi. Klinton 2009 yildan 2013 yilgacha AQSh davlat kotibi bo‘lib ishlagandi. Aynan shu davrda "arab bahori" bo‘lib o‘tgan va uning ortida avval Liviyada, keyin Suriyada fuqarolar urushi boshlangandi", deya eslatadi u.
Qayd etish kerakki, Tramp va Klinton mamlakatdagi ikki siyosiy partiyaning prezidentlik saylovi arafasidagi asosiy vakillari bo‘lib, ular o‘rtasida alohida raqobat kechmoqda.
19 dekabr kuni Klinton xonim tomonidan Trampning musulmonlarga nisbatan pozitsiyasi keskin qoralangandi. "U yaxshisi IShIDning yollovchisi bo‘lishi kerak", degandi Klinton.
Tramp esa raqibini yolg‘onlarda ayblagandi. "U aldoqchi va buni hamma biladi. Uning gaplari uchun hech qanday isbot yo‘q", degandi Tramp.
2 yanvar kuni Saudiya Arabistoni IIV 47 kishiga nisbatan chiqarilgan o‘lim hukmi ijro etilgani, ular orasida mamlakatdagi shialar yetakchisi shayx Nimr an-Nimr ham bo‘lgani haqida ma'lum qilganidan keyin Eron va eronliklar bu voqeaga keskin norozilik bildirishgan.