Jahon | 10:19 / 04.01.2016
27888
8 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada nima gap?

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on shu yilning 31 mart kuni AQShga tashrif buyurishini ma'lum qildi. U yadro xavfsizligiga bag‘ishlangan sammitda ishtirok etadi. Ma'lumki, yadro xavfsizligi bo‘yicha to‘rtinchi va so‘nggi xalqaro sammit 31 martdan 1 aprelga qadar Vashingtonda bo‘lib o‘tadi. Birinchi sammit 2010 yilda Vashingtonda, ikkinchisi 2012 yilda Seulda va uchinchisi 2014 yilda Gaagada bo‘lib o‘tgan edi.

Saudiya Arabistoniga amalga oshirgan tashrifini yakunlab, vataniga qaytar ekan, Rajab Toyib Erdo‘g‘on ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berdi.

Uning Vashingtonga safari xaqidagi bayonoti emas, balki konstitutsiyaviy islohotlar extiyoji borasidagi bayonoti ancha shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Unitar davlatni saqlab qolgan holda prezident boshqaruvini joriy qilish mumkinmi, degan savolga javob berar ekan, prezident, unitar davlatni boshqarishda Adolf Gitler vaqtidagi Germaniyaning prezidentlik boshqaruvini misol sifatida keltirib o‘tdi. “Dunyoda bu kabi boshqaruvdagi ko‘plab davlatlarni misol sifatida keltirish lozim. Siz bu borada Gitler Germaniyasini ko‘rishingiz mumkin. Boshqa davlatlarni ham misol sifatida keltirishimiz mumkin”, dedi Erdo‘g‘on.

Erdo‘g‘on o‘z so‘zida prezidentlik tuzumi barcha muammolarni hal qila olmasligini ham ta'kidlab o‘tdi va bu tizimni joriy qilishda jamiyatdagi barcha qatlamlarning fikriga quloq solishini ma'lum qildi.

Yaqindan boshlab Turkiyada yuz berayotgan har qanday salbiy hodisa va voqealarni kutib turgan va bu borada jar solishni yaxshi ko‘radigan Rossiya matbuoti biri olib, biri qo‘yib Erdo‘g‘oning Gitler Germaniyasi xaqidagi fikrlarini tinmay keltirmoqda. Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova o‘zining Facebook'dagi sahifasida “mana endi ko‘p narsa oydinlashdi” deb yozdi.

Biroq, Turkiya prezidentining ma'muriyati Erdo‘g‘oning fikrlari matndan uzib olinganligini va noto‘g‘ri talqin qilinayotganligini aytmoqda. Bayonotda Erdo‘g‘on Gitler boshqaruvi yillarini salbiy oqibatlariga urg‘u bergani ta'kidlanadi. Ya'ni, Turkiya prezidenti biror bir boshqaruv tizimi hokimiyatni suiiste'mol qilishga qarshi kurashda kafolatli emasligini eslatib qo‘ymoqchi bo‘lgan. “Tuzum noto‘g‘ri boshqariladigan bo‘lsa, u prezident yoki parlament boshqaruvi bo‘lishidan qat'i nazar fojia bilan tugaydi. Bunga Gitler Germaniyasi misol bo‘ladi” deyiladi prezident ma'muriyati bergan bayonotda.

Ayni damda Turkiyada Konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazish borasida prezident tashabbusi keng muhokama qilinmoqda. Erdo‘g‘onning loyihasiga ko‘ra, Turkiya parlament boshqaruvidan prezident respublikasiga o‘tishi kerak. Shu tariqa, butun hokimiyat davlat rahbari qo‘liga o‘tadi. Erdo‘g‘on 2003 yildan 2014 yilga qadar bosh vazir lavozimida ishladi. 2014 yilning avgust oyida esa prezident etib saylandi. Shuni ta'kidlash kerakki, Konstitutsiyaga ko‘ra, Turkiyada prezident katta vakolatlarga ega emas.

14 dekabr kuni bosh vazir Ahmad Dovuto‘g‘li bayonot berib, muxolifat vakillari bilan mamlakat yangi konstitutsiyasi loyihasi yuzasidan muzokaralar olib borishini ma'lum qilgan edi. Hukumat rahbari Ahmad Dovuto‘g‘li parlament boshqaruvi mamlakat manfaatlariga mos kelmasligini aytib keladi. Uning aytishicha, ijroiya hokimiyatda prezidentning o‘rni masalasi yuzasidan o‘tkaziladigan muhokamalar uchun barcha sharoitlar yaratilishi kerak. Buning uchun ikkita referendum o‘tkazilishi ham mumkin. U 10 noyabr kuni bergan bayonotida yarim yil ichida islohatlar o‘tishi lozimligini ta'kidlagandi. Ammo muxolifat konstitutsiyaviy islohotlarga qarshi chiqib keladi. Ularning fikricha, shu tariqa Erdo‘g‘on hokimiyatni o‘z qo‘liga olishga intilmoqda.

Erdo‘g‘on bir necha bor 1980 yilda bo‘lib o‘tgan harbiy to‘ntarishdan keyin 1982 yilda qabul qilingan konstitutsiya o‘rniga yangi asosiy qonun qabul qilinishi zaruriyatini aytib keladi. U bu masala bo‘yicha ikkita - birinchisi yangi konstitutsiyaga bag‘ishlangan bo‘lsa, ikkinchisi prezident boshqaruviga bag‘ishlangan - referendum o‘tkazilishi zarurligini aytadi.

Tahlilchilarning aytishicha, Turkiyada Konstitutsiya va demokratiya kafolati sifatida Qurolli kuchlar ko‘rib kelinardi. Ular hukumat chetga chiqqudek bo‘lsa, harbiy to‘ntarish uyushtirib, ma'lum muddat hokimiyatni boshqargani tarixdan ma'lum. Ammo so‘nggi 10 yilda harbiylarning mavqei pasaytirilib, boshqaruvdan chetga surib qo‘yildi. Qurolli kuchlardagi nufuzli amaldorlarning qamoqqa olinishi buning yaqqol isbotidir.

Agar Turkiyadagi bugungi vaziyat tahlil qilinadigan bo‘lsa, qandaydir kuchlar bu davlatni zaiflashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygani oydinlashadi. Masalan, yarim asrdan beri Turkiya Yevropa Ittifoqiga a'zolikka intiladi. Ammo Anqara iltimosi hamon paysalga solib kelinmoqda. Sotsialistik tuzum qulaganidan keyin qaramlikdan ozod bo‘lgan Sharqiy Yevropa mamlakatlarining ko‘p o‘tmay Yevropa Ittifoqiga a'zo etib qabul qilingani inobatga olinadigan bo‘lsa, Yevropa Ittifoqi Turkiyani o‘z saflarida ko‘rishga shoshilmayotganiga ishonch hosil qilasiz.

Hozir Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika qit'asida katta nufuzga ega sifatida ko‘riladigan biror-bir mamlakat qolmadi, hisob. Bir vaqtlar mintaqada katta o‘yinchi sifatida ko‘rilgan Iroq ham, Liviya ham, Suriya ham amalda parokanda bo‘ldi. Misr xaqida xam shu kabi fikrlarni aytsa bo‘ladi. To‘g‘ri, “ehromlar mamlakati” ikkita davlat to‘ntarishini boshdan kechirdi. Xozir qonuniy saylangan prezident boshqarmoqda. Bu - yaqin orada o‘zini o‘nglab oladi, degani emas. Rossiya yo‘lovchi samolyoti Sinay yarim orolida xalokatga uchraganidan keyin bu mamlakatga boruvchi xorijlik sayyohlar soni keskin qisqarib ketdi. Bu Misr iqtisodiyotiga jiddiy zarba bo‘lgani aniq.

Shundan keyin mintaqada kuchli davlat sifatida faqat Turkiya qoldi. Ammo Rossiyaga tegishli harbiy samolyotning urib tushirilishi Turkiyaga berilgan zarba sifatida ko‘rilishi kerak. Endilikda Turkiya iqtisodiyoti ma'lum ma'noda zarar ko‘rishi aniq. Bundan anglashiladiki, uchinchi tomon kuchlari Rossiya qo‘li bilan Turkiyaga ortdan zarba berdi. Rossiya tomonidan Turkiyaga qarshi ko‘rilayotgan choralar bir kunda qabul qilinadigan qaror emas. Bu kabi qarorga kelish uchun shoshma-shosharlik bilan emas, balki uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rish kerak.

NATO a'zosi bo‘lishiga qaramay Turkiyaning mintaqadagi o‘yinchi maqomi o‘yinchoq maqomiga tushirilmayaptimikan?

Sharofidin To‘laganov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish