O‘zbekiston | 17:26 / 06.01.2016
2928
2 daqiqa o‘qiladi

Aktsiyadorlik jamiyatlarining xorijiy menejyerlari daromadlari soliqlardan ozod qilindi

2016 yil 1 yanvardan boshlab aksiyadorlik jamiyatlari chet ellik xodimlarining boshqaruv xodimi sifatida o‘z faoliyatidan olgan daromadlari jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliq va sug‘urta badallaridan ozod qilinadi. Bu haqda Norma.uz manbasi xabar bermoqda.

Chet ellik boshqaruvchilarni jalb qiladigan AJning o‘zlari esa ularning mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlaridan yagona ijtimoiy to‘lov to‘lashdan ozod qilindi.

Mazkur qo‘shimchalar AJ faoliyati samaradorligini oshirish, bo‘lajak investorlar uchun ularning ochiqligi va jozibadorligini ta'minlash, zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy qilish, shuningdek Prezidentning “Aktsiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmonini (24.04.2015 yildagi PF-4720-son) ijro etish maqsadida kiritildi.

Zamonaviy xalqaro standartlarga muvofiq korporativ boshqaruv tajribasiga ega yuqori malakali chet ellik menejyerlarni jalb qilish bilan AJning ishlab chiqarish, investitsiyaviy, moddiy-texnika, moliyaviy va mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligining oshishi ko‘zda tutilmoqda.

Bu esa, o‘z navbatida, AJga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun qulay sharoitlar shakllanishiga ko‘mak beradi.Eslatib o‘tamiz, 2015–2018 yillar mobaynida barcha AJlari yillik moliyaviy hisobotlarini Moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlariga (MHXS) muvofiq nashr etishga o‘tadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish