Jamiyat | 08:27 / 07.01.2016
3146
2 daqiqa o‘qiladi

Kanadada Rim-katolik cherkovi ma'muri cherkovga tegishli 300 ming dollarni o‘zlashtirib olgani ma'lum bo‘ldi

Kanadaning Manitoba viloyatidagi Rim-katolik cherkovining prixodi (cherkovning quyi tashkiloti) ma'muri, 39 yoshli Leo Makkoane cherkov hisob raqamidagi 400 ming Kanada dollarini (300 ming AQSh dollari) o‘zlashtirib olganlikda ayblanmoqda. Bu haqda CBS telekanali ma'lum qildi.

Makkoane Vinnipegdagi Avliyo Bernadett prixodi cherkovining moliyaviy ishlarini 2009-2015 yillar davomida olib borgan. 2015 yil mayida mahalliy yeparxiya tomonidan o‘tkazilgan auditorlik tekshiruvi natijasida Makkoane cherkov hisob raqamidan pul yechib, yuqori turuvchi moliyaviy boshqarmaga soxta hujjatlar taqdim qilgani aniqlangan. Bu ma'lum bo‘lgandan keyin yeparxiya politsiyaga murojaat qilgan.

“Makkoan 2015 yilda tekshiruv bo‘lishini bilib, 2014 yil oxirida ishdan bo‘shab yuborgan”, deb aytdi Avliyo Bonifatsiy yeparxiyasi moliyaviy ma'muri Rishar Freshe. Makkoane politsiya tomonidan hibsga olindi. Unga firibgarlik, o‘g‘rilik va hujjatlarni soxtalashtirish ayblovlari qo‘yildi.

Cherkovda ma'lum qilinishicha, o‘g‘irlangan pullarning bir qismi cherkovga qatnovchilarning xayr-ehsonlari bo‘lgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish