Texnologiya | 19:51 / 07.01.2016
11468
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda maishiy texnikalarga xizmat ko‘rsatuvchi ilk maxsus onlayn servis markazi ishga tushiriladi

Bugungi kunda hayotni maishiy texnikasiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ular kundalik hayotni qulay, ishimizni oson qiladi. Ammo har qanday texnika ham vaqti kelib ta'mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Ijtimoiy tarmoqda va odamlar orasida Toshkentda maishiy texnika buyumlariga xizmat ko‘rsatuvchi onlayn servis ishga tushirilishi haqida xabarlar tarqaldi.

Tahririyat bunday xabarlarga aniqlik kiritish maqsadida bu xabarlar bilan birgalikda nomi tilga olinayotgan "Texno-markaz" firmasi vakili bilan aloqa bog‘ladi va o‘z savollarini berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, haqiqatda ham shunday onlayn servis markazini tashkil etish rejasi mavjud va bu O‘zbekistonda yagonaligi va birinchiligi bilan ajralib turishi mo‘ljallangan.

Rejaga ko‘ra, bu xizmat orqali muzlatkichi, televizori yoki kir mashinasi buzilib qolgan kishilar hech qayerga borib ovora bo‘lmasdan, yuqori sifatli texnik xizmatlardan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

"Texno-markaz" O‘zbekistondagi oliy toifali birinchi va yagona onlayn servis markazi bo‘lib, maishiy texnika ta'mirining noan'anaviy uslubini taklif etadi", deydi firma vakili.

Manbaning bildirishicha, birdan buzilib qolgan televizor, kir mashinasi, changyutgichni tashqariga chiqmay tuzatish imkoni faqat shu xizmat orqali taklif etilib, buning uchun servis markazi onlayn murojaat etish kifoya qiladi.

Qolaversa, ta'mirlanayotgan har qanday maishiy texnika o‘rniga ta'mirlanish vaqti davomida mijozga boshqa maishiy texnika taklif etiladi. Ya'ni, muzlatkich buzilib qolganida, xizmat xodimlari uni olib ketishadi va u tuzalgunicha foydalanib turish uchun boshqa muzlatkich keltirishadi.

Mijozlar xizmat bilan onlayn tizimi orqali istalgan paytda bog‘lanishi, maishiy texnika turiga ko‘ra, ta'mirga qancha vaqt ketishini, shuningdek ta'mir narxini aniq bilib olishi mumkin.

Shuningdek, onlayn tizim orqali maishiy texnika kim tomonidan ta'mirlanishini aniqlash ham mumkin bo‘ladi. Bunda xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassis haqidagi ma'lumotlar servisga joylashtirilgan bo‘ladi va mijoz o‘zi qaysi xodimning xizmatidan foydalanishni mustaqil ravishda tanlash imkoniga ega bo‘ladi.

Mutaxassis mijoz istagan paytda belgilangan joyga boradi.

Ta'mirtalab maishiy texnikanni mutaxassis ko‘zdan kechirib, nosozlikni aniqlashi va yul xarajatlari uchun to‘lov olinmaydi.