Jahon | 18:04 / 07.01.2016
16168
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni eronliklarning hajga borishdan voz kechishi sababli milliardlarni yo‘qotishi mumkin

Saudiya Arabistoni va Eron o‘rtasidagi munosabatlarning buzilishi eronliklarning Makkada haj ibodatini ado etishdan voz kechishi natijasida Ar-Riyod katta miqdorda ziyon ko‘rishi mumkin, deya yozmoqda Forbes.

Xabarlarga ko‘ra, har yili Saudiya Arabistonida 100 ming nafar eronlik haj ibodatini ado etsa, yana 500 ming nafari umra ziyoratini bajaradi. Mamlakatga tashrif buyuradigan ziyoratchilar orasida eronliklar ulushi 5 foizni tashkil etadi.

2014 yilgi ma'lumotlarga ko‘ra, haj va umra Ar-Riyod g‘aznasiga 18,6 milliard dollar foyda keltirgan. Bu mamlakatning neft savdosida olayotgan daromadining 10 foizini tashkil etadi.Saudiya iqtisodchilarining hisob-kitobiga ko‘ra, har bir ziyoratchi mamlakatda o‘rtacha 5 ming dollar sarflaydi.

Bu holda eronliklar hajdan voz kechgan taqdirda, Saudiya Arabistoni 3 milliard dollargacha zarar ko‘rishi mumkin.

Ayni paytda Eron fuqarolarining haj amalini bajarishi masalasining o‘zi so‘roq ostida qolgan. Chunki ikki mamlakat o‘rtasida viza tartibi mavjud. Tehrondagi elchixona yopilganidan so‘ng eronliklarning Saudiya Arabistoniga qanday qilib viza olishi mumkinligi noma'lum bo‘lib qoldi.