Jahon | 15:06 / 08.01.2016
7613
1 daqiqa o‘qiladi

Seulning KXDR hududiga yo‘naltirilgan tashviqoti 24 kilometrgacha bo‘lgan hududda eshitilmoqda

KXDR chegarasi yaqinida Janubiy Koreya tomonidan olib borilayotgan reproduktor-karnaylar orqali baland ovozda eshittirishlarni shimolliklar 24 kilometr masofadan ham eshitishmoqda. Bu haqda Ryonhap agentligi xabar berdi.

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, bugun – mazkur mamlakat yetakchisi Kim Chen Inning tug‘ilgan kunida mahalliy vaqt bilan 12.00 (Toshkent vaqti bilan 08.00)da qaytadan boshlangan tashviqotlarda “Ozodlik ovozi” tashviqot radiosining eshittirishlari uzatilmoqda. Eshittirishlar kuniga ikki soatdan olti soatgacha davom etadi.

Mazkur eshittirishlar kunduz kuni 10 kilometrgacha masofaga yetib borsa, kechasi 24 kilometrgacha bo‘lgan hudud fuqarolari tinglashlari mumkin. Shunday qilib, nafaqat 4 kilometrgacha masofadagi qurolsizlantirilgan hududda joylashgan Koreya xalq armiyasi askarlari, balki uzoq hududlardagi aholi vakillari ham tinglashlari mumkin.