Jahon | 10:57 / 08.01.2016
4161
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Eron matbuotining Erdo‘g‘anning Saudiyadagi qatllarga aloqador ekanligi haqidagi iddaolarini inkor qildi

Turkiya TIV Eron elchisini chaqirib, undan matbuotda boshlab yuborilgan, prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Saudiya Arabistoniga borishini u yerda amalga oshirilgan qatllar bilan bog‘layotgan kampaniyani to‘xtatishni talab qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

“Biz Eron davlat strukturalariga yaqin OAVda paydo bo‘lgan, prezidentimizning Saudiya Arabistoniga amalga oshirgan tashrifini u yerda ijro etilgan qatllar bilan bog‘layotgan xabarlarni keskin qoralaymiz”, - deb bayonot berdi TIV.

Erdo‘g‘an Saudiyaga o‘tgan yil dekabrining oxirida borgan edi. 2 yanvar kuni ushbu mamlakat IIV 47 kishiga nisbatan o‘lim jazosi ijro etilganini, ular sirasida taniqli shia ilohiyotchisi Nimr an-Nimr bo‘lganini xabar qildi.

Shu asosda ayrim eronlik jurnalistlar Erdo‘g‘anning qatllarga aloqadorligini gumon qila boshladi. Turkiya bu xabarlarni o‘ziga qarshi qaratilgan puxta rejalashtirilgan kampaniyaning bir qismi deb baholamoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish