Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Indoneziya politsiyasi: Jangarilar Jakartada Parij voqealarini takrorlashga urinishdi
Jakarta politsiyasining hisoblashicha, bugun Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida uyushtirilgan davomli portlashlar va otishmalar o‘tgan yilning noyabrida Parijda sodir etilgan teraktlarni takrorlashga urinish bo‘ldi.
Indoneziyalik general Anton Sharliyanning so‘zlariga ko‘ra, bugun Jakarta markaziga mototsikllarga mingan holda kirib kelgan jangarilarning harakati 2015 yilning 13 noyabr kuni Parij shahrida teraktlar uyushtirgan jangarilarning harakatlarini eslatib yuborgan.
"15 nafarga yaqin jangari mototsiklda shahar markaziga yetib kelib, qo‘llaridagi miltiqlardan ommaga qarata o‘q uzgan. Ulardan ba'zilari portlovchi moddalarni tashigan", dedi u.
Uning ma'lum qilishicha, IShID Jakarta politsiyasiga noyabr oyi oxirida "Jakartada ham konsert uyushtirishi" bilan tahdid qilgandi.
Bugungi 7 ta portlashdan biri Sarinah nomli savdo markazi oldida, yana biri BMT binosi va Starbucks kafesi oralig‘ida sodir bo‘lgani xabar qilingandi. Portlashlar ro‘y bergan tumanda hashamatli mehmonxonalar, ofis binolari hamda bir qancha davlatlarning elchixonalari joylashgan.
Teraktlar qurbonlari soni 17 nafarga yetgan.
Jakarta politsiyasi terakt ijrochilari sifatida 4 kishini qo‘lga olgan.
Mamlakat prezidenti Joko Vidodo portlashlarni terakt deb atadi.
Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning 13 noyabr kunida Fransiya poytaxti Parij shahrida IShID vakillari bo‘lgan jangarilar 3 guruhga bo‘lingan holda shaharning turli qismlarida xunrezliklar amalga oshirishgandi. 3 nafar hudkush "Stad de Frans" stadioni oldida o‘zini portlatgan. 4 kishidan iborat yana bir guruh esa Parij shimoli-sharqidagi kafe va restoranlarga bostirib kirib, odamlarni o‘qqa tutgan. Yana 3 jangari esa "Bataklan" teatriga bostirib kirib, ommaviy qotillik sodir etgandi. Bu teraktlar natijasida 130 kishi halok bo‘lgan, 350 dan ortiq kishi jarohatlangandi.