Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jizzaxda 30 ga yaqin yangi avtobuslar aholiga xizmat ko‘rsata boshladi
Davlatimiz rahbarining tashabbusi va rahnamoligida shahar hamda qishloqlar infratuzilmasini rivojlantirish, aholining yashash sharoiti va turmush faravonligini yuksaltirishga qaratilgan ulkan bunyodkorlik ishlari samarasida viloyatimiz ko‘z o‘ngimizda kun sayin yashnab, yasharib, yangicha qiyofa, o‘zgacha tarovat kasb etib borayapti. Zamonaviy ko‘rinishdagi turar-joylar, yangi tibda qad rostlayotgan kasb-hunar kollejlari, serqatnov yo‘llarda o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan bir-biridan chiroyli avtomashinalarning kundan kunga ko‘payib borayotgani aholimizning turmush madaniyati va birdamligi tobora yuksalayotganligidan dalolat beradi.
Xususan, “OYBeKSUPeRTRANS” mas'uliyati cheklangan jamiyati aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida Samarqandda ishlab chiqarilayotgan “SAZNP-37” rusumdagi 27 ta avtobus olib kelindi. Hozirda 8-yo‘nalishda umumiy 35,4 kilometrlik masofada 41 nafar ishchi grafik asosida ertalabki soat 6:00 dan tungi 22:00 gacha 6000 nafardan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishgan.
—Ishga kirishishimizdan oldin avtobuslar texnik holati tekshirilib, xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shundan so‘ng, yo‘llanma asosida ish boshlaymiz, — deydi jamiyat haydovchisi Rahmatulla G‘ofurov. — Yangi ko‘rinishda ishlab chiqarilayotgan avtobuslar har jihatdan qulayligi va shinamligi bilan ajralib turadi. Bu ish samaradorligini oshishiga qulaylik yaratib berayapti.
Yaqinda avtokorxona yana bir yangilikka qo‘l o‘rdi. «SamAvto» korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan «SAZLE-60» rusumli 1 ta avtobus olib kelishga muvaffaq bo‘lishdi. Mazkur avtobus shahar yo‘nalishlarida odamlarni tashish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bizning shiroitimizga har jihatdan to‘g‘ri kelishi bilan ajralib turadi. Qayd etish joizki, «SAZLE-60» 56 ta yo‘lovchiga moslashtirilgan past polli avtobusdir. Uning uzunligi 8 metr, og‘irligi 10,2 tonnaga teng bo‘lib, “EVRO-4” ekologik talablariga javob beruvchi 4,5 litr hajmga ega dvigatel o‘rnatilgan.
—Ushbu avtobusda nogironlar aravachasini chiqarib tushirish qulay va shu bilan birga eshitish qobiliyati cheklangan hamda gapira olmaydigan insonlar uchun mo‘ljallangan haydovchini ogohlantiruvchi tugma o‘rnatilgan, — deydi «SAZLE-60» rusumdagi avtobus haydovchisi Laziz Urdushev. — Aholiga bunday sharoitlar yaratilayotganligi barchani quvontiradi, albatta. Chunki tez sur'atlarda rivojlanayotgan davlatlar qatoriga bizning mamlakatimiz ham tenglasha oldi. Bunday o‘zgarishlar bizning tinchligimizning nishonasidir.
Ish bor joyda kamchiliklar ham topiladi. Shunday bo‘lsada jamiyat a'zolari qo‘lni-qo‘lga berib mehnat qilishayotir. Ana shunday kamchiliklarni “Zilol” mahallasi hududidagi yo‘llarda ko‘rishimiz mumkin. Bunday nosoz yo‘llar tufayli yo‘lovchilarni so‘nggi manziliga qadar olib borishga qiynalayotgan jamiyat a'zolariga noqulayliklar keltirib chiqarayapti. Bu borada bir necha bor murojaat etishlarga qaramay hali-xanuz o‘z holicha yotibdi. Bunday nosoz yo‘llarning ko‘pligi avtobuslarning, qolaversa, yengil avtomashinalarning shikastlanishiga olib keladi. Bu esa davlat iqtisodiyotiga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydi deb, kim kafolat bera oladi? Bu borada mas'ul xodimlar yaxshilab o‘ylab ko‘rishsa maqsadga muvofiq ish bo‘lar edi.
—Hamshaharlarimizni uzog‘ini yaqin qilish bizning mas'uliyatli vazifalarimizdan biri. Shunday ekan yaqinda OATB “Agrobank” Jizzax filiali tomonidan kredit evaziga yana 4 ta yangi avtobusni foydalanishga topshirish rejaga kiritilgan, — deydi «OYBeKSUPeRTRANS» mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Vosit Isoqov. — Hali oldinda rejalarimiz ko‘p. “Bosh omon bo‘lsa do‘ppi topiladi” deganlaridek, omon bo‘lsak barcha rejadagi ishlarni yo‘lga qo‘yishga bor e'tiborimizni qaratamiz.
Suratda: «OYBeKSUPeRTRANS» mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Vosit Isoqov va «SAZLE-60» rusumdagi avtobus haydovchisi Laziz Urdushev ish paytida.
Akmal BINOKULOV