Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tadbirkorlarni himoya qilishga oid qonun qanday imtiyozlar berdi?
Xabaringiz bor 2015 yilning 30 avgust kuni "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik sub'yektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun qabul qilingan edi.
Aytish kerakki, ushbu qonun bilan amaldagi 40 dan ortiq qonunlarga, jumladan, Jinoyat kodeksining 30 ta moddasiga aynan tadbirkorlik faoliyati himoyasiga bag‘ishlangan muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, Jinoyat kodeksiga "Tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish, qonunga xilof ravishda aralashish bilan bog‘liq jinoyatlar hamda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan bosh¬qa jinoyatlar" nomli yangi bob kiritildi.
Mazkur bobda xususiy mulk huquqini buzish, tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatini tekshirish va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilish tartibini buzganlik, tadbirkorlik sub'yektlarini homiylikka va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etganlik, imtiyozlar va preferensiyalarni qo‘llashni g‘ayriqonuniy ravishda rad etganlik, qo‘llamaslik yoki qo‘llashga to‘sqinlik qilganlik, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga va bosh¬qa tashkilotlarga pul mablag‘lari berishni asossiz ravishda kechiktirganlik hamda tadbirkorlik sub'yektlarining hisobvaraqlarida pul mablag‘lari mavjudligi to‘g‘risidagi axborotni qonunga xilof ravishda talab qilib olganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Ayni vaqtda qonunda tadbirkorlik faoliyatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qonunbuzilishlar uchun javobgarlik yengillashtirildi, ya'ni qonunbuzilishi oqibatida kelib chiqadigan zarar koplangan taqdirda shaxs javobgarlikka tortilmasligi belgilab qo‘yildi.
Ushbu yo‘nalishda Jinoyat kodeksining 184-moddasi (Soliqlar yoki bosh-qa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 5-qism bilan to‘ldirilib, unga muvofiq, birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha davlat soliq xizmati organining qarorini olgan kundan e'tiboran o‘ttiz kun ichida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar, shu jumladan, penyalar va boshqa moliyaviy sanksiyalar tarzida davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplasa, javobgarlikdan ozod etilishi alohida mustahkamlandi.
Shuningdek, ushbu qonun bilan tadbirkorlik sohasida sodir etiladigan ayrim harakatlar uchun javobgarlik yengillashtirilib, qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasi yuqori bo‘lmagan hollarda, ma'muriy javobgarlikka tortilishi belgilandi. Masalan, amaldagi Jinoyat kodeksining 189-moddasiga o‘zgartish kiritilib, tovarlar savdosi yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini ancha yoki ko‘p miqdorda buzganlik uchun ma'muriy javobgarlik o‘rnatildi, jinoiy javobgarlik esa, endilikda ushbu qilmish juda ko‘p miqdorda (eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha bo‘lgan miqdor) sodir etilganda kelib chiqadi.
Savdo yoki vositachilik faoliyati bilan qonunga xilof ravishda shug‘ullanishni ancha yoki ko‘p miqdorda sodir etganlik uchun belgilangan javobgarlik Jinoyat kodeksining 188-moddasidan (Savdo yoki vositachilik faoliyati bilan qonunga xilof ravishda shug‘ullanish) chiqarildi va bu harakatlar uchun ma'muriy javobgarlik o‘rnatildi (Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 176-moddasi, noqonuniy tadbirkorlik faoliyati).
Shu bilan birga, agar ushbu ma'muriy huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan shaxs noqonuniy tadbirkorlik faoliyatidan olgan daromadni davlatga ixtiyoriy ravishda to‘lagan, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektini belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshirgan taqdirda huquqbuzarlik ashyolari musodara qilinmagan holda javobgarlikdan ozod qilinishi belgilab qo‘yildi.
Qonunning yana bir muhim jihati shundan iboratki, mansabdorlik jinoyatlarida tadbirkorlik sub'yekti va davlat tashkiloti mansabdor shaxslarning javobgarligi alohida o‘rnatilib, tadbirkorlik sohasida bunday qilmishlar uchun javobgarlik yengillashtirildi. Xususan, Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish), 210-moddasi (pora olish), 211-moddasi (pora berish), 213-moddasi (xizmatchini pora evaziga og‘dirish) va 214-moddasiga (xizmatchining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olish yoki mulkiy manfaatdor bo‘lish) faqat davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi bosh¬qarish organi mansabdor shaxsi javobgarlikka tortilishini belgilovchi o‘zgartirishlar kiritildi.
Ayni paytda tijoratda pora evaziga og‘dirib olish, nodavlat tashkiloti xizmatchisini pora evaziga og‘dirish, nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste'mol qilganlik uchun davlat tashkilotidagi mansabdorlik jinoyatlariga nisbatan yengilroq jazo choralari belgilandi.
Shuningdek, ushbu qonunga muvofiq, tadbirkorlik sub'yektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda sud organlarining rolini oshirish, davlat, huquqni muhofaza qi¬lish va nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining tadbirkorlik sub'yektlarining xo‘jalik va moliyaviy faoliyatiga noqonuniy aralashuvining oldini olish maqsadida bojxona, soliq organlari va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining tadbirkorlik sub'yektlarining mol-mulklarini musodara qilish vakolati olib tashlanib, bu faqat sudlar orqali amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.
Bundan ko‘rinadiki, tadbirkorlarni himoya qilishda sud organlari zimmasiga ham alohida vazifalar yuklatilgan. Xususan, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati hamda tuman va shahar sudlari tomonidan 2014 yil va 2015 yilning birinchi yarmida noqonuniy tekshirish va surishtiruv harakatlarini o‘tkazish holatlari bo‘yicha 23 nafar shaxsga nisbatan 21 ta ma'muriy ish ko‘rib chiqilgan va 18 nafar shaxsga nisbatan ma'muriy jazo qo‘llanilgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlarning sudlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat etishi va sud himoyasidan foydalanishlari uchun barcha qonuniy sharoitlar yaratilgan. Endilikda tadbirkorlar o‘zlarining hu¬quqlarini yaxshi bilishlari hamda amalda ulardan samarali foydalanishlari lozim. Chunki qonunlarning mohiyatini chuqur anglagan tadbirkor o‘zining huquqini qayerda va qanday hi¬moya qilishni yaxshi biladi.
Shuning uchun tadbirkorlarga qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish, bu yo‘nalishda mavjud barcha imkoniyatlardan kengroq foydalanish talab qilinadi.
Muxtasar aytganda, ushbu qonun bilan Jinoyat va Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga kiritilgan har bir o‘zgartish va ko‘shimchalarning mazmun-mohiyati tadbirkorlik sub'yekt¬larining huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishda sudlarning rolini yanada oshirishga, ularga berilgan imtiyoz va preferensiyalarni amaliyotga tatbiq etish mexanizmini takomillashtirishga, shuningdek, davlat, huquqni muhofaza qi¬luvchi va nazorat organlari mansabdor shaxslarining tadbirkorlik sub'yektlarining xo‘jalik va moliyaviy faoliyatiga noqonuniy aralashganlik uchun javobgarligini kuchaytirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Aziz Obidov,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy sudi matbuot kotibi